Yangiliklar

img
Sat, 11/21/2026 - 12:15

Samarqandda II Butunjahon turkologiya qurultoyi bölib ötdi

2026-yil 20–21-noyabr kunlari Samarqand şahrida II Butunjahon turkologiya qurultoyi bölib ötdi. Özbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 6-iyul kuni Şuşa şahrida bölib ötgan Turkiy davlatlar taşkilotining norasmiy sammitida ilgari surgan taşabbusi asosida taşkil etilgan qurultoyda turkiy davlatlar hamda dunyoning turli mamlakatlaridan taniqli olimlar, turkologlar, tilşunos va adabiyotşunoslar, ilmiy muassasalar vakillari iştirok etdi.
Xalqaro anjumanning oçiliş marosimida Turkiy davlatlar taşkiloti, Turkiy madaniyat va meros fondi, Turkiy davlatlar parlament assambleyasi (TURKPA), Özbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Taʼlim va ilm-fan vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda xalqaro taşkilotlar vakillari qatnaşdi.
Qurultoyning yalpi majlisida Alişer Navoiy nomidagi Toşkent davlat özbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Şuhrat Sirojiddinov «Turkiy davlatlar örtasida madaniy-gumanitar hamkorlik» mavzusida ma’ruza qildi.
U öz ma’ruzasini turkiy xalqlarning muştarak taraqqiyot ğoyasini ifodalovçi «Tilda, fikrda va işda birlik» şiori bilan boşladi. Maʼruzada uşbu tamoyilning tarixiy ildizlari, turkiy xalqlarni birlaştiruvçi til va madaniy yaqinlik, umumiy tarixiy xotira hamda ularni zamonaviy hamkorlikning amaliy mexanizmlariga aylantiriş masalalari atrofliça yoritildi.
Akademik Şuhrat Sirojiddinov 1926-yilda Bokuda ötkazilgan Birinçi turkologiya qurultoyining tarixiy ahamiyatiga töxtalar ekan, öşa davrda turkiy xalqlar uçun umumiy alifbo yaratiş yölidagi sa’y-harakatlarni eslatdi. Şuningdek, keyingi tarixiy jarayonlarda yuzaga kelgan siyosiy tösiqlar, turkiy xalqlarning umumiy orzu-intilişlari va bugungi integratsiya jarayonlari örtasidagi boğliqlikni qayd etdi hamda umumturkiy alifbo masalasining dolzarbligi, turkiy tillarning yaqinligi va ularning özaro anglaşuv imkoniyatlarini kengaytiriş zaruratini ham alohida ta’kidladi.
Ma’ruzada turkiy davlatlar örtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yangi bosqiçga olib çiqişga qaratilgan qator amaliy taşabbuslar ilgari surildi.
Xususan, turkiy xalqlarning köçmançi madaniy merosini saqlaş va ommalaştiriş böyiça yagona raqamli platforma yaratiş taklif etildi. Platformada folklor namunalari, dostonlar, maqom va xalq musiqasi yozuvlari, marosimlar, hunarmandçilik an’analari, oğzaki tarix materiallari, qölyozmalar va arxiv hujjatlarini jamlaş közda tutildi. Bunda materiallarning asl tilidagi nusxasi, ilmiy tavsifi, tarjimasi hamda audio va video yozuvlarini bir joyda töplaş, ulardan foydalaniş şartlarini belgilaş muhimligi qayd etildi.
Yana bir muhim taşabbus sifatida «Turkiy yoşlar akademik va ijodiy almaşinuvi dasturi»ni yölga qöyiş taklif qilindi. Dastur doirasida talabalar, yoş olimlar, yozuvçilar, tarjimonlar, rejissyorlar va musiqaçilar uçun qisqa muddatli stajirovkalar, yozgi maktablar va qöşma ilmiy loyihalarni taşkil etiş nazarda tutildi.

 

Akademik Şuhrat Sirojiddinov hamkorlik geografiyasini kengaytiriş zarurligiga ham alohida e’tibor qaratdi. Uning fikriça, bu jarayonda faqat yirik universitetlar va madaniyat muassasalari emas, balki hududiy oliy ta’lim muassasalari, ijod maktablari va madaniy markazlar ham faol iştirok etişi lozim. Şuningdek, TURKSOY taşkilotining tarkibiy tuzilmasini Turkiy davlatlar taşkilotiga a’zo mamlakatlar hisobidan kengaytiriş taklifi ilgari surildi.
Olimning nutqida turkiy davlatlar örtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni faqat madaniyat kunlari va festivallar bilan çeklab qöymasdan, qöşma universitetlar taşkil etiş, talabalar va olimlar almaşinuvini rivojlantiriş, kino va san’at sohasidagi hamkorlik, umumiy merosni xalqaro miqyosda e’tirof ettiriş hamda an’anaviy sport turlarini ommalaştiriş kabi yönalişlarda ham izçil davom ettiriş zarurligi asoslab berildi.

 

Qurultoyda Alişer Navoiy nomidagi Toşkent davlat özbek tili va adabiyoti universiteti professor-öqituvçilari ham ilmiy ma’ruzalari bilan faol iştirok etdi.
Jumladan, professor Samixon Aşirboyev «Xalqaro turkologiya alifbosi (IFA) asosida Özbek Milliy transkripsiyasini yaratiş masalasi», Hamidulla Dadaboyev «Turkiy tillar. harbiy terminologiyasini birxillaştiriş masalasi», Zulxumor Xolmanova «Turkiy tillar va özbek şevalari örtasidagi muştaraklik», Inomjon Azimov esa «Turkiy dunyoda ilmiy integratsiya: tarixiy ildizlar, zamonaviy jarayonlar va istiqbollar» mavzularida ma’ruzalar qildi.
Universitet olimlarining qurultoydagi iştiroki özbek turkologiya maktabining ilmiy salohiyati, turkiy tillar, adabiyotlar va madaniy aloqalarni tadqiq etiş borasidagi izlanişlarini xalqaro ilmiy maydonda namoyon etiş uçun muhim imkoniyat böldi.
Qurultoyning tarixiy ahamiyati, avvalo, bir asr oldingi ilmiy an’ananing qayta tiklangani bilan belgilandi. 1926-yil 26-fevral – 6-mart kunlari Bokuda ötkazilgan Birinçi Butunittifoq turkologiya qurultoyida Abdurauf Fitrat, Ismoil Hikmat, Ğozi Olim Yunusov, Fuad Köprulu, Aşurali Zohiriy, Ali Nozim va Bekir Çobonzoda kabi taniqli olimlar iştirok etgan. Öşa anjumanda turkiy xalqlarning tili, yozuvi, imlosi, terminologiyasi, tarixi va madaniy merosiga oid ma’ruzalar tinglangan.

 

Oradan yuz yil ötib, Samarqandda taşkil etilgan navbatdagi qurultoy ana şu ilmiy merosning davomiyligini ta’minlaş, turkiy xalqlarning umumiy tarixiy va madaniy xotirasini mustahkamlaşga xizmat qildi.
Ikki kun davom etgan xalqaro anjuman doirasida beşta mavzuli sessiyada turkiy xalqlar tili, yozuvi, adabiyoti, folklori, tarixi, geografiyasi, madaniyati, san’ati va zamonaviy geosiyosatiga oid 33 ta ma’ruza tinglandi.
II Butunjahon turkologiya qurultoyi turkiy dunyo olimlari örtasida ilmiy aloqalarni mustahkamlaş, umumiy merosni zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitiş va istiqboldagi hamkorlikning yangi yönalişlarini belgilaşga xizmat qiladigan muhim xalqaro ilmiy muloqot maydoni böldi.