“Qurama” jamoasining navbatdagi yutug‘i
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari milliy qadriyatlarimizni targ‘ib etish yo‘lidagi navbatdagi yutuqqa erishdilar. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida bo‘lib o‘tgan “Yurtim qadriyatlari” tanlovining respublika final bosqichida universitetning “Qurama” jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Mazkur tanlov yoshlar o‘rtasida milliy qadriyatlar, urf-odatlar va an’analarni keng targ‘ib qilish, ularga hurmat tuyg‘usini yanada mustahkamlash hamda ijodiy salohiyatni ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Tanlov davomida ishtirokchi jamoalar o‘z mahorati, sahna madaniyati va ijodiy yondashuvlarini namoyish etdilar.
“Qurama” jamoasi ham o‘z chiqishlarida xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy an’analari va qadriyatlarini badiiy talqin orqali yoritib, hakamlar hay’ati hamda tomoshabinlar e’tiborini qozondi. Jamoa a’zolarining ijodkorligi, sahnadagi uyg‘un harakati va milliylikka sodiq yondashuvi yuqori baholandi.
Erishilgan ushbu natija universitet talaba-yoshlarining ma’naviy-ma’rifiy jarayonlardagi faolligi, milliy merosimizga bo‘lgan hurmati hamda ijodiy salohiyatining yana bir yorqin ifodasidir. Bu yutuq yoshlarning o‘z ustida muntazam ishlashi va yurtimiz qadriyatlarini targ‘ib etishga bo‘lgan intilishlari samarasidir.
Universitet jamoasi “Qurama” jamoasi a’zolarini ushbu muvaffaqiyat bilan samimiy muborakbod etadi hamda kelgusidagi tanlov va loyihalarda ularga yanada ulkan zafarlar tilaydi.

