Yangiliklar

img
Fri, 10/31/2025 - 09:55

«Qadriyatlar» mavzusida psixologik trening tashkil etildi

Bugun IIVning 1-sonli Toshkent akademik litseyi oʼquvchi qizlari uchun Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʼzbek tili va adabiyoti universiteti «Psixologiya va sotsiologiya» kafedrasi dotsenti, psixologiya fanlari boʼyicha falsafa doktori (PhD) Sodikova Gulbarno Odiljonovna tomonidan «Qadriyatlar» mavzusida psixologik trening tashkil etildi.

Treningning asosiy maqsadi yoshlarda milliy, maʼnaviy va shaxsiy qadriyatlar haqida ongli tushuncha shakllantirish, oʼz-oʼzini anglash va shaxsiy rivojlanishga motivatsiyani kuchaytirishdan iborat boʼldi.

Davra suhbati shaklida oʼtgan uchrashuvda ishtirokchilar inson hayotida qadriyatlarning oʼrni, ularning shaxsiy va ijtimoiy barqarorlikka taʼsiri haqida fikr almashdilar. Psixologik mashqlar va interaktiv savol-javoblar orqali qizlar oʼz fikrlarini erkin ifoda etish, bir-birini tinglash va jamoada samarali muloqot qilish koʼnikmalarini mustahkamladilar.

  

Trening davomida Gulbarno Odiljonovna yoshlarga hayotda oʼz qadriyatlarini anglash, shaxsiy maqsadlarini belgilash va ularga erishishda ruhiy barqarorlikni saqlash boʼyicha amaliy tavsiyalar berdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar ushbu uchrashuv ularda ijobiy taassurot qoldirganini va kelgusida bunday psixologik treninglar doimiy ravishda tashkil etilishini istashlarini bildirdilar.