
Qadring baland boʻlsin, ona tilim!
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti o'zbek tilini mamlakatimiz ichida xalqaro maydonda keng targ'ib qilish, uning qo'llanilish doirasini kengaytirishni maqsad qilgan. Bu ezgu maqsadni amalga oshirishda universitet huzuridagi "O'zbek maktabi" markazining alohida o'rni bor. Ushbu markaz oʻzbek tili va madaniyatini xorijliklarga oʻqitish boʻyicha katta tajribaga ega. Xorijliklar bu yerda qisqa muddatda oʻzbek tilini oʻrganishmoqda. Shu bois “Oʻzbek maktabi” nomini bugun oʻzbek tiliga befarq boʻlmagan barcha yaxshi biladi. 21-oktabr kuni "O'zbek maktabi" jamoasi ToshDO'TAU xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektori N.Normurodova rahbarligida Yangi O'zbekiston universitetida mehmon bo'ldilar. Yangi Oʻzbekiston universiteti taklifiga koʻra “Oʻzbek maktabi” jamoasi mazkur OTMga tashrif buyurdi. Tadbirni mezbon universitetning oʻquv ishlari boʻyicha birinchi prorektori B.Ahmedov ochib berdi va tashrif uchun mehmonlarga minnatdorchilik bildirdi. Universitetning xorijlik professor va tadqiqotchilari bilan o'tkazilgan uchrashuvda N.Normurodova ma'ruza qilib, o'zbek tilini jahon bo'ylab keng targ'ib qilish bo'yicha Alisher Navoiy nomidagi ToshDO'TAUda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi. Xususan, "O'zbek maktabi" faoliyati, markazda olib borilayotgan ishlar, darsliklar va boshqa yirik loyihalar haqida taqdimot o'tkazildi. Shundan so'ng "O'zbek maktabi"ning tajribali o'qituvchisi D.Ermatova xorijlik olim va tadqiqotchilarga o'zbek tilidan maxsus mahorat darsi o'tkazdi. Mahorat darsida Yangi Oʻzbekiston universitetining oʻttizga yaqin xorijlik olimlari ishtirok etdilar. Ular orasida AQSh, Angliya, Pokiston, Hindiston kabi davlat vakillari bor. Mazmunli ma’ruza va foydali mashgʻulot mezbonlarga manzur boʻldi. Oʻzbek tilini oʻrganishga boʻlgan qiziqishlari ortgani va qiziqqarli mashgʻulot uchun ”Oʻzbek maktabi” jamoasiga minnatdorchilik bildirdilar.