Yangiliklar

img
Tue, 01/14/2025 - 15:50

Prorektor tadqiqotchilar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi

13-14-yanvar kunlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor N. Normurodova tayanch doktorantura tadqiqotchilari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.
13-yanvar kuni 1-bosqichga qabul qilingan 149 nafar doktorantlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda ularga doktoranturada oʻqish va ilmiy faoliyat monitoringi, mavzu tanlash hamda ilmiy rahbar bilan hamkorlik qilish qoidalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, 1-bosqich doktorantlari uchun oyda ikki marta mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirokida seminarlar tashkil etilishi rejalashtirilgani ta’kidlandi. Bu seminarlar doktorantlarning nazariy bilimlarini mustahkamlash va ilmiy faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan.
14-yanvar kuni esa 2-bosqich doktorantlar bilan muloqot oʻtkazildi. Tadbir davomida ular bilan dissertatsiyaning belgilangan qismlarini yakunlash, ilmiy izlanishlarni toʻgʻri yoʻnaltirish va himoya jarayoniga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, doktorantlarning duch kelayotgan muammolariga yechim topish va qoʻllab-quvvatlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

  

Mazkur uchrashuvlar doktorantlarning ilmiy izlanishlarini samarali tashkil etishga koʻmaklashish va ularning nazariy hamda amaliy bilimlarini mustahkamlashga xizmat qildi.