Professor Shahlo Hamroyevaning maqolasi Scopus bazasida indekslanuvchi nufuzli jurnalda chop etildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor v.b., filologiya fanlari doktori Shahlo Hamroyevaning navbatdagi ilmiy maqolasi xalqaro ilmiy hamjamiyat e’tirof etgan, Scopus xalqaro bibliografik va referativ ma’lumotlar bazasida indekslanadigan nufuzli Data jurnalida nashr etildi.
Data — MDPI nashriyoti tomonidan chop etiladigan, xalqaro taqrizdan o‘tuvchi va ochiq kirish imkoniyatiga ega ilmiy jurnal bo‘lib, ma’lumotlar, ularni yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan bog‘liq ilmiy tadqiqotlarni yoritishga ixtisoslashgan. Jurnal Scopus hamda boshqa yetakchi xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazalarida indekslanadi.
Professor Shahlo Hamroyevaning ushbu nashri universitetimiz olimlarining o‘zbek tilshunosligi, kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar yo‘nalishlaridagi ilmiy izlanishlarini xalqaro miqyosda targ‘ib etish, zamonaviy ilmiy yondashuvlarni amaliyotga joriy qilish hamda jahon ilmiy makonidagi hamkorlikni kengaytirish borasidagi faoliyatining navbatdagi natijasidir.
Qayd etish joizki, Shahlo Hamroyeva o‘zbek tilini raqamlashtirish, korpus lingvistikasi va tabiiy tilni qayta ishlash (NLP) yo‘nalishlarida izchil ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. Olimaning Scopus indekslanadigan jurnallarda 70 ga yaqin ilmiy maqolasi chop etilgan.
Mazkur ilmiy yutuq universitetimiz professor-o‘qituvchilarining xalqaro reytingdagi ilmiy nashrlardagi faolligi tobora ortib borayotganini, ilm-fan, raqamli texnologiyalar va o‘zbek tilshunosligi kesishmasida olib borilayotgan tadqiqotlarning xalqaro ilmiy maydondagi nufuzini mustahkamlab borayotganini ko‘rsatadi.
Professor Shahlo Hamroyevani ushbu ilmiy yutug‘i bilan muborakbod etamiz hamda kelgusidagi ilmiy izlanishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!
Maqola: MDPI — Data jurnalidagi maqola

