Professor Otaqo‘zi Azizovning ilmiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro seminar o‘tkazildi
2026-yil 25-sentyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida yetuk olim, filologiya fanlari doktori, professor Otaqo‘zi Azizovich Azizovning ilmiy-pedagogik faoliyatiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-metodik seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminar Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi tomonidan tashkil etilib, kafedra qoshidagi Tarjima san’ati muzeyida o‘tkazildi. Unda universitet rahbariyati, kafedra professor-o‘qituvchilari, xorijiy va mahalliy mutaxassislar, shuningdek, “Tarjima nazariyasi va amaliyoti: rus tili” ta’lim yo‘nalishi talabalari ishtirok etdi.
Tadbirni Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri Mahmadiyor Asadov ochib berdi. Shundan so‘ng professor Otaqo‘zi Azizovning farzandi Azamat Otaqo‘ziyevich olimning hayoti, ilmiy-pedagogik faoliyati va insoniy fazilatlari bilan bog‘liq xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
ToshDO‘TAU professori, filologiya fanlari doktori Zulxumor Xolmonova olimning ilmiy merosi, uning tilshunoslik sohasidagi tadqiqotlari va ilmiy qarashlarining bugungi kun uchun ahamiyati haqida ma’ruza qildi. Professor Otaqo‘zi Azizov tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlarning ilmiy qiymati va ularning hozirgi tilshunoslik hamda til o‘qitish jarayonidagi dolzarbligi alohida ta’kidlandi.
Xalqaro seminar doirasida Sankt-Peterburg davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Oksana Mixaylovna Akay, Volgograd davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Natalya Vladimirovna Xarlamova, Moskva davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Yelena Panova, O‘sh davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Gulipa Arapovna Madmarova hamda ToshDO‘TAU professor-o‘qituvchilari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Ma’ruzalarda professor Otaqo‘zi Azizovning boy ilmiy merosi, uning tilshunoslik, lug‘atshunoslik va til o‘qitish metodikasi rivojiga qo‘shgan hissasi, ilmiy tadqiqotlarining bugungi ilmiy izlanishlar uchun ahamiyati xususida fikr almashildi.
Seminarning yakuniy qismida savol-javob va munozara tashkil etilib, yosh tadqiqotchilar hamda talabalar xorijiy va mahalliy olimlar bilan ilmiy muloqot qildilar. Unda tilshunoslik va tarjimashunoslik yo‘nalishlaridagi zamonaviy tadqiqotlar, ilmiy hamkorlik va kelgusidagi izlanishlarning istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Professor Otaqo‘zi Azizovning ilmiy-pedagogik merosini o‘rganish va targ‘ib etishga qaratilgan bunday xalqaro ilmiy tadbirlar olimning ilmiy qarashlarini yangi avlod tadqiqotchilariga yetkazish, xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish hamda tilshunoslik va til o‘qitish metodikasi sohasidagi yangi ilmiy izlanishlar uchun muhim ilmiy maydon yaratishga xizmat qiladi.

