Yangiliklar

img
Wed, 01/07/2026 - 10:20

Professor-o'qituvchilar uchun maxsus seminarlar boshlandi

2026-yil 6-yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida professor-o‘qituvchilar uchun o‘quv dasturlarini TOP–300 oliy ta’lim tashkilotlarining ta’lim dasturlari asosida maqbullashtirishga qaratilgan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.

Mazkur seminar o‘quv jarayonini xalqaro talablarga moslashtirish, ta’lim mazmunini takomillashtirish hamda professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirishga yo‘naltirildi. Unda universitetning barcha professor-o‘qituvchilari hamda tegishli bo‘lim boshliqlari ishtirok etdilar.

Seminar doirasida O‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i V. Nazarov va Ta’lim sifatini ta’minlash bo‘limi boshlig‘i N. Norqulov ma’ruzalar bilan chiqish qilib, o‘quv dasturlarini xalqaro reyting mezonlari asosida takomillashtirish, ta’lim natijalarini baholash tizimini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

Shuningdek, seminar mashg‘ulotlariga malaka oshirish kurslarida tayyorlangan trenerlar, zaruratga ko‘ra xorijiy mutaxassislar onlayn formatda jalb etildi. Seminar davomida yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari tajribasi va fan dasturlarini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirish masalalari muhokama qilindi.