Yangiliklar

img
Sun, 11/02/2025 - 17:37

Pekin chet tillari universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

Toshkent shahrida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida O‘zbekiston–Xitoy ikkinchi ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasining Ta’lim vazirligi boshchiligidagi 140 dan ortiq oliy va kasbiy ta’lim muassasalari hamda kasb-hunar markazlari vakillari ishtirok etdi.

Forumda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti delegatsiyasi faol ishtirok etdi. Universitet rektori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Shuhrat Sirojiddinov boshchiligidagi delegatsiya bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi. Xususan, Pekin chet tillar universiteti prorektori Su Dapeng bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu kelishuv ikki oliygoh o‘rtasida ta’lim, ilmiy-tadqiqot, tarjima, madaniy almashinuv va o‘zbek tilini xorijda o‘qitish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni kengaytirishga qaratilgan.

Ta’kidlash joiz, TDOʻTAU va Pekin chet tillar universiteti (PChTU) o‘rtasida uzoq yillardan buyon samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. 2024-yil 21-aprel kuni PChTU rektori, professor Jia Venzyan boshchiligidagi delegatsiya Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga tashrif buyurib, rektor Shuhrat Sirojiddinov bilan uchrashgan edi. Uchrashuvda ikki oliygoh o‘rtasidagi an’anaviy aloqalarni mustahkamlash, o‘zbek tili va adabiyotini xalqaro maydonda targ‘ib qilish, qo‘shma magistratura va doktorantura dasturlarini yo‘lga qo‘yish, darslik va elektron resurslarni birgalikda yaratish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilingan edi.

 

Shuningdek, 2023-yil sentyabr oyida PChTUdan kelgan Bai Yang ToshDOʻTAU doktoranturasiga qabul qilingan bo‘lib, hozirda o‘zbek tili nazariyasi va uslubiyatini chuqur o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Bu esa ikki oliygoh o‘rtasidagi akademik almashinuvning amaliy samarasini ko‘rsatadi.

Shuningdek, ToshDOʻTAU vakillari forum doirasida o‘zbek tili va adabiyoti, tilshunoslik, tarjimashunoslik va pedagogika sohalarida olib borilayotgan zamonaviy tadqiqotlar, shuningdek, o‘zbek tilini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tashabbuslarni taqdim etdilar. Universitetning ilg‘or tajribasi va xalqaro loyihalari forum ishtirokchilari tomonidan alohida e’tirof etildi.

 

Anjuman davomida mehmonlarga O‘zbekistonning milliy qadriyatlari, urf-odatlari, o‘zbek va xitoy xalqlarining raqslari hamda madaniy dasturlar namoyish etildi. Shuningdek, do‘stlik va ekologik barqarorlik ramzi sifatida daraxt ekish marosimi o‘tkazildi.

Mazkur forum “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi va “O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’limiy hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish va yangi ilmiy tashabbuslarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston–Xitoy ikkinchi ta’lim forumi 2024-yil 22–24-yanvar kunlari Xitoyda o‘tkazilgan birinchi forumning mantiqiy davomi hisoblanadi.