Pedagogik tadqiqotlarda hamkorlik va yangi yondashuvlar
2025-yil 4-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti hamkorligida “Pedagogik tadqiqotlar: hamkorlik va yangi yondashuvlar” mavzusidagi ilmiy-amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirni O‘zbek tili va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi mudiri, professor Saodat Muhamedova ochib berdi. U pedagogik tadqiqotlarda innovatsion yondashuvlar, ilmiy hamkorlikning ta’lim jarayoniga ta’siri va qo‘shma tashabbuslarning istiqbollari haqida so‘z yuritdi.
Dastlabki ma’ruza Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti direktori, pedagogika fanlari doktori, akademik Xolboy Ibragimovga berildi. U zamonaviy pedagogikaning dolzarb masalalarini tahlil qilib, ularning amaliy yechimiga doir bir qator takliflarni ilgari surdi.
Professor Shukrullo Mardonov dissertatsiya matnining ilmiy uslubi, imlo me’yorlariga rioya qilish hamda tadqiqotlarda uchraydigan keng tarqalgan xatolarni bartaraf etish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini taqdim etdi. Shuningdek, pedagogika fanlari doktori, professor Abduhalim Mahmudov ilmiy tadqiqotlarda metodologik apparatni rasmiylashtirish talablari, mavjud dissertatsiya ishlaridagi tipik xatolar va ularni to‘g‘rilash yo‘llari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Institut ilmiy xodimi, pedagogika fanlari nomzodi Djamoliddin Fazilov pedagogik tadqiqotlarda ilmiy etika masalalariga e’tibor qaratib, ilmiy me’yor va talablarning tadqiqot jarayonidagi o‘rni haqida o‘z mulohazalarini bildirdi. Ma’ruzalardan so‘ng savol-javoblar bo‘lib, ustozlar ishtirokchilarning barcha savollariga atroflicha javob berishdi.

Tadbirda O‘zbek tili va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari, tayanch doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar hamda o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi magistrantlari ishtirok etdi. Ilmiy-amaliy uchrashuv ishtirokchilar uchun mazmunan boy, amaliy jihatdan foydali bo‘lib, ular tomonidan katta qiziqish bilan kuzatildi. Yakunda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti bunday hamkorlikdagi uchrashuvlarni muntazam davom ettirishga kelishib oldi.

