
Pedagogik amaliyot tizimi takomillashtirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PF-73-sonli “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Talabalar amaliyoti bo‘limi boshlig‘i Sh. Xalilov hamda bo‘lim xodimlari 2025-yil 8-sentyabr kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 144- va 319-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablariga tashrif buyurdi.
Uchrashuvda ta’lim sohasida uzviylik va uzluksizlikni ta’minlash, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini mustahkamlash, shuningdek, pedagogik amaliyotni samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Xususan, kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan 3–4-bosqich talabalari uchun haftalik o‘quv mashg‘ulotlarini “4+2” tartibida — 4 kun oliy ta’lim muassasasida, 2 kun esa maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘tkazish mexanizmlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, amaliyot jarayonida “bir ustozga – bir talaba” tamoyilini joriy etish, talabalar mutaxassislik bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash hamda o‘qituvchilik faoliyatiga bosqichma-bosqich tayyorlash yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.