Yangiliklar

img
Fri, 12/20/2024 - 15:44

O‘zbekistonda oliy ta’limni isloh qilish bo‘yicha xalqaro konferensiya

Joriy yilning 20-dekabr kuni Toshkentda O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini isloh qilish, innovatsiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi muhim tadbir – Erasmus+ oliy ta’limni isloh qilish bo‘yicha ekspertlar milliy jamoasining an’anaviy yillik konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu yilgi konferensiya Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi oliy ta’lim sohasidagi 30 yillik hamkorlikni nishonlashga bag‘ishlangan bo‘lib, "O‘zbekistonda oliy ta’lim rivojlanishining istiqbollari" mavzusi ostida tashkil etildi. Tadbirni O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy Sharipov ochib berdi. Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toivo Klaar o'z tabrik so'zida O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi qariyb 30 yil davomida mustahkam hamkorlik qilib kelayotgani, Erasmus+ va Temous dasturlari doirasida ko'plab yirik loyihalar amalga oshirilganini alohida qayd etdi. O’zbekistondagi Erasmus+ Milliy ofisi (NEO)  rahbari Aziza Abdurahmonova ham o'z nutqida Erasmus+ dasturi va uning O‘zbekistondagi loyihalari, bu loyihalar mamlakatimizda oliy ta'lim tizimini yanada yaxshilashga xizmat qilib kelayotgani, amaliyotga tatbiq etilgan ilg'or tajribalar, yutuqlarga alohida to'xtalib o'tdi.  Shuningdek, anjumanda O'zbekiston OTMlari rektorlari,  Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan kelgan xalqaro delegatsiyalar faxriy mehmonlar sifatida ishtirok etib, o‘z tajribalari bilan bo‘lishdilar. 

   

Konferensiyada Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining  Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori, Oliy ta’limni isloh qilish bo‘yicha Erasmus+ eksperti Nozliya Normurodova alohida ma’ruza bilan ishtirok etdi. U O‘zbekistonda oliy ta’limni isloh qilish va uni xalqaro miqyosda rivojlantirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Nozliya Normurodova ToshDO'TAU tomonidan oliy ta’limni xalqarolashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan tashabbuslar va islohotlar haqida ma’lumot berdi. Xususan, universitetning xalqaro hamkorlik dasturlari, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, shuningdek, global ilmiy va akademik tarmoqlarda universitetning o‘rni kuchayib borayotganini ta’kidladi. 

  

Shuningdek, ToshDO'TAUning jamiyatni ijtimoiy va ma’naviy jihatdan yaxshilashga qo‘shayotgan hissasi ham yuksak baholandi. Universitetning ta’lim sifatini oshirish va innovatsiyalarni joriy etishdagi tajribasi Erasmus+ dasturi doirasidagi eng yaxshi amaliyotlardan biri sifatida namoyish etildi. Konferensiya oliy ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va O‘zbekiston ta’lim tizimini jahon miqyosida yanada yuksaltirish uchun muhim platforma bo‘ldi.