O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Oliy, oʼrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida xotin-qizlarning taʼlim olishlarini qoʼllab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar toʼgʼrisida
Taʼlim tashkilotlarida tahsil olish istagidagi xotin-qizlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning ilmiy salohiyati va malakasini tizimli oshirib borishni qoʼllab-quvvatlash maqsadida:
1. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʼllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF-87-son farmoniga muvofiq, 2022/2023-oʼquv yilidan boshlab respublikadagi barcha xususiy, xorijiy va davlat oliy, oʼrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shaklida xotin-qizlarning toʼlov-kontrakt asosida tahsil olishi uchun imtiyozli shartlarda taʼlim kreditlarini moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga Davlat byudjetidan mablagʼ ajratishning yangi tizimi joriy etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki:
-tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan depozit mablagʼlari hisobidan taʼlim kreditlarini 14 foiz stavkada ajratadi;
-taʼlim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy oʼqish muddati tugagandan soʼng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi;
-taʼlim krediti boʼyicha foiz stavkalarini soʼndirish Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʼarmasi (keyingi oʼrinlarda – Jamgʼarma) mablagʼlari hisobidan, ularni tijorat banklariga toʼlash orqali amalga oshiriladi;
-taʼlim kreditini rasmiylashtirishda va uning qaytarilishida talabaning doimiy daromad manbaiga ega boʼlgan oila aʼzolari va boshqa uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi;
-“Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kirgan oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan taʼlim kreditlari uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.
2. Belgilab qoʼyilsinki:
-Jamgʼarma mablagʼlari hisobidan tijorat banklarining soʼrovlariga asosan kelgusida 14 foiz stavkada taʼlim krediti ajratish uchun ularga 10 foiz stavkada depozit mablagʼlari joylashtiriladi;
-Jamgʼarma tomonidan taʼlim kreditlari uchun tijorat banklariga zarur mablagʼlar ajratilishini taʼminlash va nazorat qilish maqsadida Jamgʼarmaga 1 ta Maktabgacha taʼlim vazirligi shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan va 1 ta Moliya vazirligining umumiy shtat birliklari doirasida jami 2 ta shtat birligi ajratiladi.
3. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʼarmasi hisobidan oliy, oʼrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida xotin-qizlarning toʼlov-kontrakt asosida oʼqishi uchun taʼlim kreditlarini ajratish tartibi toʼgʼrisidagi nizomni tasdiqlasin.
4. Moliya vazirligi Jamgʼarmaga 2022-yilda mablagʼlarning Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʼarmalari mablagʼlari, byudjetni qoʼllab-quvvatlash uchun jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari, suveren xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ajratilishini, 2023-yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini taʼminlasin.
5. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oʼzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritilsin.
6. Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʼzgartirish va qoʼshimchalar toʼgʼrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy va oʼrta maxsus taʼlim vaziri А.X.Toshqulov hamda moliya vaziri T.А.Ishmetov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Bosh vazir oʼrinbosari J.А.Qoʼchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2022-yil 18-iyul.