Yangiliklar

img
Tue, 10/08/2024 - 14:25

O'zbekiston OTMlarini xalqarolashtirish istiqbollari

Joriy yilning 7-oktabr kuni AQShning O'zbekistondagi elchixonasi tashabbusi bilan "O'zbekistonda oliy ta'limni rivojlantirish" mavzusida o'quv seminari bo'lib o'tdi.   Ushbu tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetining xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektori Nozliya Normurodova ishtirok etdi. 
Seminarning asosiy maqsadi Oʻzbekiston hukumatining oliy taʼlim sohasidagi islohotlarini qoʻllab-quvvatlash va mahalliy OTMlarning AQSh universitetlari bilan hamkorligini yo'lga qo'yish, oliy ta'lim sektorini xalqarolashtirishda ko'maklashishdan iborat. Tadbirni oliy taʼlimda oʻttiz yildan ortiq progressiv yetakchilik tajribasiga ega boʻlgan Lehi universiteti Xalqaro ishlar boʻyicha vitse-prezidenti doktor Sheril Materli olib bordi. Doktor Matherly  O‘zbekistondagi 30 ta oliy o‘quv yurtlari rahbarlarini o‘z kampuslarini xalqarolashtirish, AQSh muassasalari bilan barqaror hamkorlikni rivojlantirish, talabalar harakatchanligini oshirish va amerikalik talabalar uchun xorijda ta’lim dasturlarini samarali tashkil etish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalar bilan tanishtirdi. Shuningdek, seminar davomida universitetlarni xalqarolashtirish va hamkorlik strategiyasini to'g'ri belgilashda akademik mobillik dasturlarining o'rni, mobillik ni amalga oshirish tartibi, AQShdagi nufuzli OTMlarda o'qish imkoniyatini yaratish,  O'zbekistondagi universitetlarda AQShdagi ta'lim modellarini moslashtirish, o'zbekistonlik yoshlar orasida xorijda ta'lim olish madaniyatini shakllantirish kabi masalalar muhokama qilindi.

 

Seminarning eng yaxshi 10 nafar ishtirokchisi Texas shtatining Xyuston shahrida boʻlib oʻtadigan 2025-yilda Xalqaro Taʼlim Administratorlari Assotsiatsiyasi (AIEA) konferensiyasida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo'ladi. Ishtirokchilar xorijda xalqaro talabalarni yollash va qabul qilish va universitetlarda mazmunli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish uchun AQSh kampuslariga tashrif buyurishadi.

 

Ma'lumot uchun, joriy yilning fevral oyida AQShning Vashington shahrida bo'lib o'tgan "Xalqaro taʼlim maʼmurlari assotsiatsiyasi"ning 2024-yilgi konferensiyasida ham universitetimiz xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektori Nozliya Normurodova ham ishtirok etgan edi.