“O‘zbekiston maktablari tarixi” kitobining taqdimoti o'tkazildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2025-yil 26-noyabr kuni pedagogika fanlari doktori, professor Ulug‘bek Dolimovning “O‘zbekiston maktablari tarixi” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir universitetning Adabiyot nazariyasi va zamonaviy adabiy jarayon kafedrasi tomonidan “Hozirgi adabiy jarayonda ijodkor o‘rni” yo‘nalishidagi nazariy-metodologik seminar rejasi asosida tashkil etildi.
Taqdimotda kitobning ilmiy-uslubiy ahamiyati, unda yoritilgan tarixiy-pedagogik jarayonlar, o‘zbek maktablarining shakllanish bosqichlari, an’anaviy va zamonaviy ta’lim o‘rtasidagi uzviylik masalalari atroflicha muhokama qilindi. Professor Bahodir Karimov asarda ifoda etilgan jadid ma’rifatparvarligi merosi haqida to‘xtalib o‘tdi. Professor Shuhrat Rizayev Ulug‘bek Dolimovning pedagogik maktabi, o‘qituvchi shaxsini shakllantirishga oid qarashlari, yosh avlod tarbiyasida ustoz mas’uliyati tamoyillari haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Professor Nurboy Jabborov kitobning badiiy-estetik talqini va Dolimov ijodidagi ibratunsurlarning ilmiy asoslari haqida so‘z yuritdi. Filologiya fanlari nomzodi Ulug‘bek Sulton esa “Ulug‘bek Dolimov maktabi” tushunchasining shakllanish omillari va ilmiy an’analar izchilligi borasida mulohazalarini bayon qildi.
Tadbir davomida professor Ulug‘bek Dolimov o‘zining 45 yillik o‘qituvchilik faoliyati, ustozlik mas’uliyati, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olgan va faoliyat olib borgan yillari, pedagog sifatida bosib o‘tgan yo‘li haqida samimiy fikrlarini o‘rtoqlashdi. U har bir dars, har bir ilmiy izlanish ustoz uchun mas’uliyat ekanini ta’kidladi va yosh avlodga fidoyilik bilan xizmat qilish inson hayotidagi eng yuksak sharaflardan biri ekanini alohida qayd etdi.

Taqdimot yakunida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi, ishtirokchilar kitobning ayrim boblari, tarixiy manbalar tanlovi, o‘qituvchilik madaniyati va bugungi ta’lim jarayoniga oid qator masalalar yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirdilar.


