“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ramzi nimalarni ifodalaydi?
Xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo‘g‘iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlash maqsadida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan tajriba va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi tasdiqlangan edi. Universitetimiz jamoasiga mazkur strategiya ramzlari tanishtirildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ramzining asosini “Yangi O‘zbekiston” va “Uchinchi Renessans” timsoli sifatida “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Mustaqillik monumenti obrazi tashkil etadi.
Ramzda aks ettirilgan Mustaqillik monumenti malakatimiz tarixi, bugungi kuni va kelajakning o‘zaro uyg‘unligi ifodasi sifatida talqin etilsa, uning yuksaklikka bo‘ylashishi negizida xalqimizning birligi va birdamligi, O‘zbekistonning dunyo davlatlari bilan hamjihatligi, tinchliksevar siyosati mujassamlashgan.
Shuningdek, yuqoriga intilgan chiziqlar dinamikasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishi va unda belgilangan 100 ta maqsadni to‘liq hamda muvaffaqiyatli amalga oshirish ezgu g‘oyasi mavjud.