
"O‘zbekcha gaplashamiz" mahorat darslarining amaliy ahamiyati
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi "O‘zbek maktabi" xorijliklar hamda o‘zbek tilini o‘rganish istagidagi qiziquvchilar uchun "O‘zbekcha gaplashamiz" nomli maxsus mahorat darslarini tashkil etmoqda. Ushbu darslar an’anaviy tarzda o‘tkazilib, ishtirokchilarga o‘zbek tilini amaliy muloqot orqali o‘rganish imkoniyatini taqdim etadi.
Mazkur mahorat darslari faqat universitet hududi bilan cheklanib qolmay, boshqa ma’rifiy maskanlarda ham muntazam ravishda tashkil etilmoqda. Jumladan, Respublika bolalar kutubxonasida rusiyzabon bolalar uchun maxsus mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Bu darslar o‘quvchilarga tilni o‘rganishda qulay muhit yaratish va o‘zbek tili bo‘yicha ko‘nikmalarini mustahkamlashga yordam beradi.
"O‘zbekcha gaplashamiz" darslari o‘zbek tili o‘rganishning samarali usullari – amaliy muloqot, o‘yinlar va til muhitini yaratishga asoslangan. Bu yondashuv xorijliklar va yoshlar o‘rtasida tilga bo‘lgan qiziqishni oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Darslarni "O'zbek maktabi"ning tajribali mutaxassisi Durdona Ermatova olib bormoqda.
Dasturda turli yosh va millat vakillari ishtirok etmoqda. Bu esa o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va qiziqishning oshib borayotganidan dalolat beradi.
"O‘zbekcha gaplashamiz" mahorat darslari nafaqat til o‘rganuvchilar uchun, balki o‘zbek madaniyati va an’analarini targ‘ib qilish uchun ham muhim tashabbusdir. Har bir qiziquvchi ushbu darslarga qo‘shilib, tilni o‘rganish va yangi bilimlarni egallash imkoniyatidan foydalanishi mumkin.