
“Oʻzbekcha gapiramiz” toʻgaragi ish boshladi
Respublika bolalar kutubxonasi kichik mehmonlarini xursand qilish maqsadida turli koʻngilochar mashgʻulotlar va mahorat darslari tashkil etadi. Ana shunday foydali mashgʻulotlar qatoriga “Oʻzbekcha gapiramiz” toʻgaragi ham qoʻshildi. Toʻgarakning ilk mashgʻuloti 19-oktabr kuni oʻtkazildi. Dastlabki dars 21-oktabr — oʻzbek tili kuni arafasida tashkil etilgani ham bejiz emas. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi “Oʻzbek maktabi” jamoasi tashabbusi bilan Respublika bolalar kutubxonasida rusiyzabon bolajonlar uchun bepul oʻzbek tili mashgʻuloti oʻtkazildi. Mashgʻulot bolalar uchun moʻljallangan interaktiv oʻyinlar va interaktiv muloqot shaklida olib borildi. Bolajonlar uchun chinakam quvonchli lahzalar va yangi bilimlar ulashgan mashgʻulotni “Oʻzbek maktabi” oʻqituvchisi Durdona Ermatova olib bordi. Bunday foydali va dolzarb, eng asosiysi bepul darslar orqali bolajonlarni ona tilimizga qiziqtirish va oʻrgatish an’anaga aylanishi lozim. Shu bois endilikda har ikki haftada bir marotaba “Oʻzbek maktabi” jamoasi tomonidan Respublika bolalar kutubxonasida oʻzbek tili mahorat darslari oʻtkaziladi. Bunday sermazmun va foydali mashgʻulotlarga siz ham oʻz kichkintoylaringiz bilan qatnashishingiz mumkin!