Yangiliklar

img
Thu, 09/17/2026 - 11:39

O‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirish istiqbollari muhokama qilindi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “O‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy seminar o‘tkazildi. Bugungi globallashuv va xalqaro  aloqalar jadallashayotgan sharoitda milliy tillarning xalqaro miqyosdagi mavqeyini mustahkamlash,  rivojlantirish muhim vazifalardan biridir. Mazkur xalqaro ilmiy seminar o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirishga qaratılgan dolzarb masalalarni muhokama qilishga xizmat qildi.

 Xalqaro ilmiy seminarni filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Dadaboyev kirish so‘zi bilan ochdi va  o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish   uchun  amalga oshirilayotgan tadqiqotlarning zamonaviy tilshunoslik taraqqiyotidagi o‘rni haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi, seminarda taqdim etilgan ilmiy ma’ruzalar o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish, turli tillar va madaniyatlar o‘rtasidagi mushtaraklik hamda o‘ziga xos jihatlarni chuqurroq anglash, filologik tadqiqotlarning yangi ilmiy yo‘nalishlarini belgilash va xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Xalqaro ilmiy seminarda O‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Zulxumor Xolmanova o‘zbek tilining boy ilmiy, adabiy va lingvomadaniy imkoniyatlarini xalqaro ilmiy makonda keng targ‘ib etish, o‘zbek tilining xorijiy til sifatida o‘qitilish ko‘lamini kengaytirish, xorijlik tadqiqotchilarning o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalarining dolzarbligini ta’kidladi.

Anjumanda nutq so‘zlagan Adabiyot nazariyasi va zamonaviy adabiy jarayon kafedrasi mudiri filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimov masalaning ilmiy-nazariy va amaliy jihatlariga batafsil to‘xtaldi, o‘z takliflarini bildirdi.

 

Seminarda Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU professori, filologiya fanlari doktori Farhad Rahimi, Turkiya Respublikasi Kastamonu universiteti dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori  Mustafa Said Arslan va   ToshDO‘TAU katta o‘qituvchisi Sabohat Bozorovaning ma’ruzalari tinglandi,   o‘zbek tilining bugungi taraqqiyoti, xalqaro miqyosda o‘rganilishi, til va alifbo masalalari, shuningdek, o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitishning dolzarb muammolari yuzasidan fikr almashildi.

 

Mazkur xalqaro ilmiy anjuman o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirish yo‘lidagi ilmiy tashabbuslarni birlashtirgan, tilimizning ilmiy-ta’limiy va madaniy salohiyatini xalqaro miqyosda namoyon etishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy-ma’rifiy tadbir sifatida ahamiyatli bo‘ldi. Unda ToshDO‘TAU va hamkor oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari,  tadqiqotchilar hamda xorijlik   mutaxassislar ishtirok etdi. Seminar yakunida ma’ruzachilarga sertifikatlar topshirildi.