Yangiliklar

img
Fri, 10/16/2026 - 21:06

O‘zbek tilining global maqomi va nufuzini oshirish istiqbollari muhokama qilindi

2026-yil 16-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “O‘zbek tilining global maqomi va nufuzini oshirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyani universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori N. Normurodova ochib berdi.

O‘zbekiston Respublikasida davlat tilini rivojlantirish, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi mavqeyini mustahkamlash va til siyosatini takomillashtirishga qaratilgan mazkur anjumanda o‘zbek tilining jahon tillari tizimidagi o‘rni, uning xalqaro maydondagi nufuzi va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.

Konferensiyada O‘zbekiston olimlari bilan bir qatorda Buyuk Britaniya, Turkiya, Koreya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelgan olimlar ham ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Anjuman davomida o‘zbek tilining nazariy va amaliy masalalari, xorijiy tilshunoslik tajribasi, til o‘qitishning zamonaviy metodlari, tarjima va lingvomadaniy aloqalar, xalqaro ta’lim dasturlari hamda ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, globallashuv sharoitida milliy til va madaniyatni asrash, o‘zbek tilining diplomatiya va media makonidagi o‘rnini mustahkamlash, zamonaviy axborot texnologiyalari va raqamli muhitda til imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Konferensiya 10 ta ilmiy yo‘nalishni qamrab oldi. Muhokamalar o‘zbek tilini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish strategiyalarini takomillashtirish, zamonaviy til ta’limi imkoniyatlarini kengaytirish va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi.

Mazkur xalqaro anjuman o‘zbek tilining global kommunikatsiya makonidagi o‘rnini mustahkamlash, uning xalqaro nufuzini oshirish hamda ilmiy va ta’limiy hamkorlik aloqalarini kengaytirishga xizmat qildi.