Yangiliklar

img
Tue, 11/05/2024 - 14:13

O‘zbek tili va raqamli texnologiyalar: ToshDO'TAU olimlari xalqaro miqyosda e'tirof etildi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti olimlari, Skopus xalqaro ilmiy bazasida doimiy indekslanib kelayotgan ilmiy ishlarining samaradorligini yanada oshirish, shuningdek, kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar sohasida zamonaviy tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida, 2024 yilning oktabr oyida Turkiyaning Akdeniz universitetida o‘tkazilgan “9. Uluslararası Bilgisayar Bilimleri ve Mühendisliği Konferansı (UBMK’2024)”da o‘z maqolalari bilan muvaffaqiyatli ishtirok etdilar. Mazkur xalqaro konferensiyada universitetimizning ilmiy jamoasi — akademik Sh. Sirojiddinov, filologiya fanlari doktori (f.f.d.), professor O. Jamolitdinova, S. Normamatov, S. Muhamedova, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (t.f.f.d.) professor B. Elov, professor v.b. Sh. Hamroyeva, f.f.d., dotsent M. Abjalova, p.f.f.d., dotsent R. Atamuradov, filologiya fanlari doktori (f.f.f.d., PhD) Z. Husainova, Z. Hayotova, G. Majidova hamda universitetimiz doktorantlari Sh. Abdisalomova, N. Matyakubova, A. Allanazarova, M. Qodirova, M. Nurboyeva o‘zbek tiliga avtomatik ishlov berish bo‘yicha ilg‘or tadqiqotlar, yangi yondashuvlar va texnologiyalarni taqdim etdilar.

Ularning ilmiy ishlarida, asosan, o‘zbek tilida stemmimg va lemmatizatsiya jarayonlarini soddalashtirish, mashina tarjimasi tizimlarining samaradorligini oshirish, til korpuslarini yaratish va ularni analiz qilish, Aligner dasturiy vositasini ishlab chiqish, matnlarda koreferensiyani avtomatik aniqlash, sentiment tahlil kabi kompyuter lingvistikasi va sun’iy intellekt asosidagi dolzarb masalalar yoritildi. Bunday tadqiqotlar nafaqat o‘zbek tilining kompyuter texnologiyalari bilan integratsiyasini ta’minlash, balki boshqa turkiy tillar bilan o‘zaro aloqa o‘rnatish, raqamli resurslar yaratish va ularni amaliyotga tadbiq etish uchun katta ahamiyatga ega.

Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasi professor v.b., f.f.d. Sh. Hamroyeva mazkur konferensiyaning “Tabiiy tilga ishlov berish” va “Mashinali o‘qitish” sho‘balariga rahbarlik qilib, o‘zbek tilidagi tabiiy tilni qayta ishlash, til modellarini o‘rganish va mashina o‘qitish metodologiyasini yangi darajaga olib chiqishga hissa qo‘shdi. Shuningdek, ishtirokchilarga konferensiya yakunida sertifikatlar va ilmiy tadbirning elektron to‘plami taqdim etildi.

  

Konferensiyaning asosiy maqsadi kompyuter muhandisligi, sun’iy intellekt, dasturlash, elektron ta’lim va turkiy tillarga avtomatik ishlov berish masalalaridagi eng yangi ilmiy yutuqlarni birlashtirish va qardosh tillar o‘rtasida amaliy tajriba almashish edi. Ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, yangi ilmiy yondashuvlar va texnologiyalarni muhokama qilib, hamkorlikdagi yangi loyihalarni rejalashtirishda muvaffaqiyatga erishdilar. Xususan, Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasi olimlari Turkiyaning Akdeniz universiteti, Bursa Uludag‘ universiteti (Turkiya), Qozog‘istonning Gumilev universiteti va boshqa jahon universitetlari bilan yangi xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro qo‘shma ilmiy loyihalarda birgalikda ishlash bo‘yicha kelishuvlarga erishishdi.

Ushbu konferensiya o‘zining ilmiy maqsadlariga to‘liq erishdi: ishtirokchilar yangi hamkorlik imkoniyatlarini yaratish va mavjud bilimlarni kengaytirish orqali o‘zaro aloqalarni mustahkamlashdi. Shu bilan birga, universitetimiz olimlari va doktorantlari xalqaro ilmiy jamoatchilikka o‘zlarining ilg‘or tadqiqotlarini taqdim etib, o‘zbek tilining kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar sohasidagi yangi imkoniyatlarini dunyo miqyosida tanitishga muvaffaq bo‘lishdi.

Xususan, universitetimiz olimlari Turkiya va Qozog‘iston universitetlari bilan yangi ilmiy va tadqiqot loyihalarini amalga oshirishga kelishib oldilar. Shuningdek, TUBITAK (Turkiya Fanlar va Texnologiyalarni Rivojlantirish Kengashi) tomonidan e’lon qilinadigan xalqaro qo‘shma ilmiy loyihalarda hamkorlik qilish, o‘zbek tilining tabiiy tilni qayta ishlash va mashina o‘qitish sohasidagi innovatsion yondashuvlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.