
Oʻzbek tili va raqamli texnologiyalar integratsiyasi
Kuni kecha universitetimizda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Sun’iy intellekt kafedrasi professor-o‘qituvchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mehmonlarni ToshDO‘TAU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori N.Normurodova va Kompyuter lingvistikasi kafedrasi mudiri B.Elov boshchiligidagi yosh olimlardan iborat jamoa kutib oldi.
Uchrashuv doirasida o‘zbek tilidagi nutq va matnlarni qayta ishlash boʻyicha universitetlar ilmiy jamoasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot almashildi. Milliy tilimiz rivoji uchun birgalikda harakat qilish lozimligi, kuchlarni birlashtirish zarurligi ta’kidlandi. Suhbat davomida, shuningdek, kelgusida ilmiy seminarlar tashkil etish, o‘zbek tilidagi matnlarning morfologik, sintaktik va semantik tahlilini amalga oshiruvchi platforma ishlab chiqish, o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitishning maxsus axborot tizimini yaratish kabi yuksak vazifalarni birgalikda amalga oshirish belgilandi.