Yangiliklar

img
Sun, 02/18/2024 - 21:48

Oʻzbek tili va madaniyati AQShda yanada keng targʻib qilinadi

Oʻzbekiston Oliy ta’lim delegatsiyasi AQShning Vashington shahriga joʻnab ketdi. U yerda 18–21-fevral kunlari “Xalqaro taʼlim maʼmurlari assotsiatsiyasi” (The Association of International Education Administrators – AIEA)ning 2024-yildagi eng yirik konferensiyasi oʻtkaziladi. Delegatsiya tarkibida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori Nozliya Normurodova ham bor. 
Delegatsiya uchun, avvalo, Vashingtondagi Oʻzbekiston elchixonasida qabul oʻtkazildi. Mehmonlarni Oʻzbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Siddiqov kutib oldi. 
Nozliya Normurodova elchi janoblariga oʻzbek tili va madaniyatini xorijda targʻib qilish boʻyicha ToshDOʻTAUda amalga oshirilayotgan ishlar, “Oʻzbek maktabi” faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Vakilimiz xorijliklarga oʻzbek tilini intensiv oʻrgatish boʻyicha katta tajribaga ega jamoa tomonidan yaratilgan “Xorijliklar uchun oʻzbek tili” (A1 va A2 darajalar uchun) kitoblarini elchixonaga sovgʻa qildi. Elchi Furqat Siddiqov ham oʻz navbatida AQShdagi oʻzbek diasporasining kengayib borayotgani va qolaversa, amerikaliklarning Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqishlari kundan-kun ortayotganini qayd etdi. Bu esa  AQShda oʻzbek tili va madaniyatini keng koʻlamda targʻib qilish, oʻrgatish zarurati borligini anglatadi. Bu borada Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusini elchixona hamisha qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Jumladan, “Oʻzbek maktabi” oʻqituvchilari tomonidan onlayn oʻzbek tili darslari tashkil etish, birgalikda katta va kichik loyihalarni amalga oshirish taklifini bildirdi. Hamkorlikning keyingi bosqichlari, xususan, Amerikada Oʻzbek tili va madaniyati markazini ochish masalasi ham muhokama qilindi.

 

Eslatib oʻtamiz, “Xalqaro taʼlim maʼmurlari assotsiatsiyasi” konferensiyasi dunyoning turli nuqtalaridagi ta’lim muassasalarida qanday qilib maqsadli xalqaro hamkorlik strategiyasini ishlab chiqishi mumkinligini o'rganadi, buning natijasida OTMni rivojlantiradigan, keng doiradagi professor-o'qituvchilar, xodimlar va talabalarni jalb qiladigan hamda vaqt o'tishi bilan barqaror rivojlanishga erishishni ta’minlovchi samarali hamkorlar topish mumkin bo'ladi.