Yangiliklar

img
Sat, 10/19/2024 - 18:58

O‘zbek tili taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik masalalari

Bugun, 19-oktabrda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida an’anaviy “O‘zbek tili taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik masalalari”  xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020- yil 20-oktabrda e’lon qilingan “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6084-sonli Farmoniga muvofiq “2020- 2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiya”sida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2024-yilning 19-oktabr kuni ilmiy va ilmiy-texnik tadbirlar rejasi asosida tashkil qilinadigan “O‘zbek tili taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik masalalari” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. 
Ushbu anjuman dunyo reytingida eng yuqori o‘rinlardan joy olgan Qorabog‘ universiteti (Turkiya), Manas nomidagi xalqaro qirg‘iz-turk universiteti (Qirg‘iziston), Akademik B. G‘ofurov nomidagi Xo‘jand davlat universiteti (Qirg‘iziston), Yevroosiyo gumanitar uniıversiteti (Qozog‘iston), Farobiy nomidagi Qozoq Milliy universiteti (Qozog‘iston), L.N.Gumilev nomidagi Yevroosiyo Milliy universiteti (Qozog‘iston), MGLU universiteti (Rossiya), Ufa davlat neft-texnika universiteti (Rossiya) bilan hamkorlikda tashkil qilindi. 

  

Xalqaro anjumanga respublikamiz va xorijdan 300 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar kelib tushgan bo‘lib, respublikamizning yetakti tilshunos olimlaridan o‘zbek tili va dialektologiyasining dolzarb muammolari haqida hamda xorijlik mutaxassislardan o‘zbek tili va adabiyotining xalqaro miqyosda o‘rganilishi va targ‘ib etilishi borasidagi muhim ma’ruzalar tinglandi. Anjumanda,  shuningdek, S. Ayniy nomidagi Tojikiston davlat pedagogika universiteti tadqiqotchilari ham faol ishtirok etishdi.

  

Yalpi majlisdan so‘ng konferensiya beshta sho‘bada o‘z ishini davom ettirdi va tilimiz jonkuyarlari bo‘lgan universitetimiz olimlari tomonidan tadqiqotchilarga tavsiyalar berildi.