Oʻzbek tili – milliy oʻzligimiz timsoli
O‘zbek tili – milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli!
Madaniyat vazirligida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 34 yilligi hamda “21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni” munosabati bilan “O‘zbek tili – milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli!” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori Zulxumor Xolmanova hamda mazkur universitet huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi bo‘lim boshlig‘i O‘rinboy Boboyorov o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning hayotimizdagi o‘rni va ta’sirini oshirish borasida yangi bosqish boshlandi. Xususan, davlat tilining nufuzi va maqomini yuksaltirishga qaratilgan farmon va qarorlar, me’yoriy hujjatlar qabul qilindi.
Madaniyat vazirligida ish yuritish to‘liq davlat tilida, lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosida olib borilmoqda. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari lingvistik ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Bu jarayonda yana nimalarga ahamiyat qaratish zarur? Ma’ruzachilar shu haqda aniq misollar, taqdimotlar orqali o‘z fikr-mulohazalarini bayon qildilar.
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti talabalari – “Shuhrat” medali sohibasi Sevinch Jovliyeva, Sevinch Uzoqboyeva, Elyor Tolibjonov, Qilichbek Soatmo‘minov tomonidan ijro etilgan mumtoz ashulalar, maqom namunalari, mazkur institut katta o‘qituvchisi Go‘zal Mo‘minova rahbarligidagi “Shahdu-shir” ansambli ijrosidagi eng sara xalq kuylari tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.


