Yangiliklar

img
Wed, 11/01/2023 - 17:16

O'zbek tili bo'yicha dasturlar ishlab chiqiladi

Universitetimiz oldiga qo'yilgan eng muhim vazifalardan biri davlat tilining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta’minlashdir. Shu maqsaddan kelib chiqqan holda universitetda tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, mahalliy va xorijiy hamkorlar bilan birgalikda o'zbek tilini rivojlantirish bo'yicha dasturlar yaratish bo'yicha loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. 
Bugun Latviyaning O'zbekistondagi favqulodda muxtor elchisi Reynis Troksha boshchiligidagi delegatsiya universitetimizga tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida dunyoga mashhur   tilga doir dasturlar yaratuvchi "Tilde" kompaniyasi vakillari bor. Jumladan, Tilde kompaniyasi boshqaruvi raisi  Arturs Vasilevskis va biznesni rivojlantirish boʻlimi rahbari Kaspars Kaulins universitetimizda bo'lib, mas'ullar bilan muzokaralar olib bordilar. Mehmonlar bilan universitet rektori Sh.Sirojiddinov,  xalqaro aloqalar bo'yicha prorektor N.Normurodova, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektor O.Jamoldinova, universitetimiz huzuridagi  Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori I. Azimov,  Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasi mudiri B.Elov suhbatlashdilar. 
Janob Reynis Troksha suhbat avvalida O'zbekiston-Latviya munosabatlari barcha sohalarda jadallik bilan rivojlanib borayotgani va hamkorlikning istiqboli haqida gapirdi. 
"Tilde" kompaniyasi  boshqaruvi raisi  Arturs Vasilevskis mazkur shirkat faoliyati va amalga oshirgan loyihalari haqida ma'lumot berdi. Kompaniya 30 yildan ortiq faoliyati davomida tabiiy tilni qayta ishlash, sun'iy intellektni tilga doir amaliyotga tatbiq qilish bo'yicha ko'plab dasturlarni yaratgan. Bu dasturlar asosan mashina tarjimasi, nutqni tanib olish va yozuvga aylantirish, tabiiy tilga ishlov berish singari vazifalarni bajaradi. Kompaniya Finlandiya, Malta, Xorvatiya, Estoniya, Vengriya  va boshqa bir qator mamlakatlardan buyurtmachilariga maxsus dasturlar ishlab chiqqan. Endilikda Yevropaning bu yirik kompaniyasi o'z e'tiborini Markaziy Osiyo davlatlariga, xususan, O'zbekistonga qaratmoqda. O'zbek tili doirasida yechimini kutib turgan ko'plab texnik muammolar bor. Ularni samarali hal qilishda yetuk mutaxassislar tajribasi muhimdir. Mehmonlarga universitet olimlari tomonidan yaratilgan va takomillashtirib borilayotgan milliy korpus, morfoanalizator, semantik model singari dasturlar haqida ma'lumot berildi. Mutaxassislar bu platformalar kompyuter lingvistikasi sohasidagi ko'plab masalalarning yechimi ekanligini, universitet bu borada aniq hamda to'g'ri harakat qilayotganini va hamkorlikdagi faoliyat yaxshi natijalar berishi aniqligini qayd etishdi. 
"Tilde" tomonidan taklif etilayotgan dasturlar rasmiy hujjat yuritish sohasida katta o'zgarish yaratishi ta'kidlandi. Qolaversa, ta'lim sohasida ham qulay imkoniyatlar eshigini o'chishi mumkinligi aytildi. 
Tomonlar o'zbek tili taraqqiyoti uchun muhim qadamlarni birgalikda tashlashga va hamkorlikda o'zbek tilini internet tarmog'ida munosib o'rin egallashiga erishish uchun barcha harakat qilishga kelishib oldilar. 
Tez orada mazkur yo'nalishda yirik loyihalar boshlanishi kutilmoqda.