
O'zbek olimlari elchi huzurida
2024-yil 4-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professorlari va ilmiy mutaxassislari Mo‘g‘ilistonning O‘zbekistondagi elchixonasida muhim ilmiy muloqot o‘tkazdilar. Tadbirda universitet professori, filologiya fanlari doktori Hamidulla Dadaboyev, dotsent v.b., filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Anvar Bo‘ronov ishtirok etishdi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Mo‘g‘iliston o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqsadida tashkil etilib, ikki mamlakat aloqalarining tarixi va bugungi holatiga bag‘ishlandi. Professor Hamidulla Dadaboyev turkiy tillar, xususan, o‘zbek tiliga o‘zlashgan mo‘g‘ulcha so‘zlar haqida qiziqarli ma’lumotlar taqdim etib, ushbu sohada olib borilgan izlanishlarning ahamiyatini yoritib berdi.
Anvar Bo‘ronov Mo‘g‘iliston va O‘zbekiston olimlarining 2023-yil Ulan-Batorda o‘tkazilgan “Mo‘g‘iliston va Xorazm davlatlari hamkorligi tarixi” konferensiyasi hamda 2024-yil Urganchda tashkil etilgan “Tarix va filologiya yo‘nalishida o‘zbek-mo‘g‘ul ilmiy hamkorliklari” konferensiyalaridagi muhim natijalar haqida ma’lumot berdi. U bu tadbirlarning ikki mamlakat ilmiy aloqalarini mustahkamlashdagi o‘rni va ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Mo‘g‘ilistonning O‘zbekistondagi elchisi Daadanxuu Batbaatar mehmonlarning taqdimotlarini yuqori baholab, o‘zbek va mo‘g‘ul tillari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish borasida yangi tashabbuslar ilgari surdi. Jumladan, o‘zbekcha-mo‘g‘ilcha so‘zlashgich va lug‘at yaratish, tilshunoslik bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.Farruh Jabborov Mo‘g‘iliston haqida o‘zbekistonliklar uchun maxsus videofilm yaratish taklifiga o‘zining fikr va tavsiyalarini berdi.
Uchrashuv yakunida birinchi navbatda o‘zbekcha-mo‘g‘ilcha so‘zlashgich tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi va ushbu loyiha uchun Anvar Bo‘ronov mas’ul etib tayinlandi. Mazkur loyiha doirasida mo‘g‘ilistonlik tilshunoslarni jalb etish masalalari ham kelishib olindi.
Tadbir samimiy va samarali muhitda o‘tib, ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikning yangi istiqbollari belgilab olindi.