Yangiliklar

img
Mon, 10/28/2024 - 16:31

"O'zbek maktabi"ning muvaffaqiyat siri

Universitetimizda tashkil etilgan “Oʻzbek maktabi” haqida koʻp va xoʻb gapirish mumkin. Bu markaz tom ma’noda oʻzbek tili va madaniyatini xorijliklarga oʻrgatish boʻyicha xalqaro markazga aylanib ulgurdi. Bugungi kunga qadar qariyb 600 dan ortiq xorijlik bu markazda oʻzbek tilini oʻrganishga muvaffaq boʻldi. Kuni kecha yurtimizda keng nishonlangan Oʻzbek tili bayrami tadbirlarida ham “Oʻzbek maktabi” jamoasi va til oʻrganuvchialri  faol ishtirok etishdi. Xususan, markaziy davlat tadbiri boʻlgan poytaxtimizdagi xalqaro anjumanlar saroyidagi tantanali marosimda ham “Oʻzbek maktabi”ning toʻrt nafar tinglovchisi sahnaga chiqdi. Ular oʻzbek tilida ravon va aniq nutqlari hamda oʻzbek xalqiga boʻlgan hurmati bilan yurtdoshlarimiz mehrini qozondilar. Bu tinglovchilar kim va ular qanchadan beri oʻzbek tilini oʻrganishmoqda? 
AQShlik Emili Sullivan bir yildan buyon “Oʻzbek maktabi”da oʻzbek tilini oʻrganmoqda. U hozirda “Doppi tour” firmasida marketing va brend bo‘yicha direktor lavozimida ishlaydi. Emili oʻzbek tilini bir yil davomida puxta oʻrgandi va Oʻzbekistonning markaziy tadbirida chiqish qilib, olqishlarga sazovor boʻldi. 
Yangi Zelandiyalik Kaleb Dilakruz fizioterapevt. U ham bir yildan buyon “Oʻzbek maktabi”da oʻzbek tilini oʻrganmoqda. U Oʻzbekistonni juda sevadi va faoliyatini bizning yurtimizda davom ettirishni istaydi. 
Janubiy Koreya fuqarosi Lim Jong Myung bir necha yil oldin Oʻzbekistonga KOICA tashkiloti koʻngillisi sifatida kelgan va oʻshandayoq oʻzbek tiliga mehr qoʻygan. Oʻtgan yili u Oʻzbekistonga qayta keldi va “Oʻzbek maktabida” oʻzbek tilini mukammal oʻrgandi. Hozirda u Alisher Navoiy nomidagi ToshDOʻTAU magistranti. 
Xitoylik Bai Yang ham bir yildan buyon oʻzbek tilini oʻrganmoqda. U ToshDOʻTAU tayanch doktoranti hisoblanadi. Bai Yang (Nodira) oʻzbek tilini juda yaxshi biladi va tadqiqot ishi ham oʻzbek va xitoy tillarining qiyosiga bagʻishlangan.

 

Bu tinglovchilarimiz qisqa muddatda tajribali o'qituvchi Durdona Ermatova ko'magida oʻzbek tili va madaniyatini puxta oʻrganishdi, shuningdek, Oʻzbekistonning boy tarixi, urf-odatlariga mahliyo boʻlishdi. Ular oʻz tanishlariga, hamyurtlariga Oʻzbekiston haqida gapirishadi va barchani bu goʻzal mamlakatga taklif qilishadi. Ularning natijalari va samimiyatini koʻrib bir narsaga ishonch hosil qilish mumkin:  “Oʻzbek maktabi” jamoasi oʻz oldiga qoʻygan maqsadlariga erishdi va maqsadlar endi yanada yuksalmoqda. Xorijliklarning ona tilimizga hurmati, qiziqishi ortishi, tashrifchilarning, til oʻrganuvchialrning soni koʻpayishi soʻzlarimiz tasdigʻidir.