
"O'zbek maktabi"da yangi o'quv yili o'zgacha qarshi olindi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida faoliyat yuritayotgan “O‘zbek maktabi”da yangi o‘quv yili ramziy tadbir bilan boshlandi. Dastlabki mashg‘ulot universitet ilmiy ishlar, innovatsiyalar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodovaning kirish so‘zi bilan ochildi. U xorijlik tinglovchilarga markaz faoliyati, uning o‘ziga xos jihatlari hamda xalqaro miqyosdagi ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berdi. Tadbir doirasida tinglovchilar “O‘zbek maktabi”ning milliy til siyosatini xalqaro darajada targ‘ib qilishdagi o‘rni va ta’limiy yondashuvlari bilan yaqindan tanishdilar.
Yangi o‘quv yilining amaliy mashg‘ulotlari doirasida tajribali mutaxassis Durdona Ermatova xorijlik talabalar uchun maxsus mahorat darsini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar o‘zbek tilining nazmiy ohangini, adabiy merosining go‘zalligini his etish, muloqotda erkinlikka erishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Shu tariqa, “O‘zbek maktabi”ning yangi o‘quv yili boshlanishi nafaqat oddiy ta’lim jarayoni, balki o‘zbek tilini dunyoga tanitish, milliy adabiyotimizni keng yoyish va madaniyatlararo muloqot maydonini kengaytirishga xizmat qiluvchi yirik tashabbus sifatida namoyon bo‘ldi.
“O‘zbek maktabi” 2022-yildan buyon xorijliklarga o‘zbek tilini o‘rgatishga ixtisoslashgan markaz bo‘lib, u Yevropa tillarini baholashning umumiy tizimi (CEFR) asosida tashkil etilgan. Hozirgacha A1, A2 va B1 darajalariga mo‘ljallangan maxsus darsliklar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilgan. Darsliklar xorijliklarning real ehtiyojlariga moslab tuzilgan bo‘lib, unda o‘zbek tilining asosiy grammatik qoidalari, muloqot so‘z boyligi, ijtimoiy-madaniy va hayotiy vaziyatlarga oid mavzular keng yoritilgan. O'tgan yillar davomida 400 nafardan ortiq xorijlik turli darajalarda o‘zbek tilini muvaffaqiyatli o‘zlashtirdi. Ularning ko‘pchiligi amaliy til darajasiga erishib, turizm, oliy ta’lim, madaniyat, IT va xalqaro aloqalar sohalarida faoliyat yurita boshlagan. Bu esa “O‘zbek maktabi”ning xalqaro maydonda samarali ishlayotganini yaqqol tasdiqlaydi. Bugungi kunda markaz tinglovchilarga 3, 5 va 12 oylik kurslar asosida onlayn va oflayn ta’lim olish imkonini taklif etmoqda.
Ma'lumot uchun, hozirgi kunda "O'zbek maktabi"da 50 dan ortiq xorijlik tinglovchilar milliy tilimiz va madaniyatimizni o'rganishmoqda. Ulardan 6 nafari Xitoyning Shanxay xalqaro universiteti talabalari bo'lsa, qolganlari AQSh, Koreya, Filippin, Yangi Zelandiya kabi davlatlardan kelgan tinglovchilardir.