“O‘zbek maktabi” da O‘zbek tili bayrami nishonlandi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi “O‘zbek maktabi”da tahsil olayotgan xorijlik til o‘rganuvchilar ishtirokida O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Milliy tilimiz, adabiyotimiz va madaniyatimizga qiziqish bildirayotgan turli mamlakatlar vakillarini birlashtirgan bayram bilim, do‘stlik va milliy qadriyatlar uyg‘unligida o‘tdi.
Tadbirni universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, "O'zbek maktabi" loyihasi tashabbuskori Nozliya Normurodova ochib berdi. U o‘z nutqida o‘zbek tilini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, xorijliklar uchun til o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish va milliy madaniyatimizni dunyoga tanitish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning ahamiyatini ta’kidladi.
2022-yilda tashkil etilgan “O‘zbek maktabi” bugungi kunga qadar 700 nafardan ortiq xorijlikka o‘zbek tilini o‘rgatdi. Ayni paytda turli mamlakatlardan kelgan tinglovchilar A1 boshlang‘ich darajasidan C1 yuqori darajasigacha bo‘lgan bosqichlarda tahsil olmoqda. Markaz faoliyati o‘zbek tilini o‘rgatish bilan bir qatorda, xorijliklarni xalqimizning tarixi, adabiyoti, urf-odatlari va ma’naviy merosi bilan yaqindan tanishtirishga ham yo‘naltirilgan. Faoliyatning muhim natijalaridan biri xorijliklar uchun maxsus “Xorijliklar uchun o‘zbek tili” darsliklarining yaratilishidir. A1, A2 va B1 darajalari uchun ishlab chiqilgan o‘quv adabiyotlari tilni bosqichma-bosqich o‘zlashtirish, kundalik muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish va nazariy bilimlarni amaliyot bilan mustahkamlashga xizmat qiladi. Darsliklarda tinglab tushunish, gapirish, o‘qish va yozish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlar, audio-video materiallar hamda qo‘shimcha elektron resurslardan foydalanish imkoniyatlari nazarda tutilgan. Ayniqsa, milliy-madaniy so‘z va iboralarni hayotiy vaziyatlar orqali tushuntirish til o‘rganuvchilarga o‘zbekona tushunchalar va qadriyatlarni chuqurroq anglashga yordam beradi.

O‘zbek tilini o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Uzacademy raqamli ta’lim platformasi ham ishga tushirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PQ-19-son qarori doirasidagi tashabbuslar bilan bog‘liq ushbu platforma nafaqat til o‘rganish, balki O‘zbekiston tarixi, adabiyoti, san’ati va madaniyati haqidagi bilimlarni kengaytirishga ham xizmat qiladi. Platformaning A1, A2 va B1 darajalaridagi kurslari 12 tadan darsni qamrab oladi. Videodarslar, tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish ko‘nikmalariga oid mashqlar foydalanuvchilarga o‘zbek tilini zamonaviy va qulay shaklda o‘rganish imkonini beradi. Turli rukn va materiallar esa Uzacademy’ni keng qamrovli ta’lim ekotizimi sifatida namoyon etadi.
O‘zbek tilini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish borasidagi ishlar nufuzli xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda ham rivojlanmoqda. Xususan, 2025-yil 14-oktyabrda Oksford universitetida O‘zbekshunoslik dasturining ochilishi o‘zbek tili, adabiyoti, tarixi, madaniyati va antropologiyasini xalqaro akademik muhitda o‘rganish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.

Kechani "O'zbek maktabi"ning amerikalik tinglovchisi o'zbek tilida olib bordi. Bayram tadbiri davomida xorijlik ishtirokchilar o‘zbek tili darslarida egallagan bilimlarini turli qiziqarli shartlar va amaliy topshiriqlar orqali sinovdan o‘tkazdilar. O‘zbekcha so‘z va iboralarni qo‘llash, savollarga javob berish hamda muloqot jarayonida o‘z bilimlarini namoyish etish orqali ular til ko‘nikmalarini mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldilar. Mazali taomlar, kuy-qo‘shiqlar va samimiy suhbatlar uyg‘unligida o‘tgan bayram ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Tadbir xorijliklarning o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, milliy qadriyatlarimizni targ‘ib qilish va turli madaniyat vakillari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qildi.

