Yangiliklar

img
Sat, 05/24/2025 - 14:08

O‘zbek folklori va shevalari tadqiqotlari: amaliyot, metodologiya, yangicha yondashuv

24-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida  “O‘zbek folklori va shevalari tadqiqotlari: amaliyot, metodologiya, yangicha yondashuv” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 2021-yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ushbu anjuman o‘zining dolzarb mavzusi, ilmiy muhitdagi ahamiyati va xalqaro miqyosdagi integratsiya imkoniyatlari bilan alohida e’tiborga sazovor bo‘lib kelmoqda.
Joriy yilgi konferensiya ham folklorshunoslik va dialektologiya sohalaridagi muhim masalalarni muhokama qilish, ularni yangicha nazariy asoslar, zamonaviy tadqiqot metodlari va amaliy yondashuvlar orqali boyitish, shu orqali esa o‘zbek tili va adabiyotining chuqur qatlamlarini o‘rganish, milliy til taraqqiyotiga ilmiy asos yaratish, madaniy xotirani ilmiy asosda saqlash va uni yangi avlodlarga yetkazishga xizmat qilish maqsadida tashkil etildi.

Konferensiyada ishtirok etgan olimlar va mutaxassislar zamonaviy filologiyaning dolzarb muammolari, ilmiy metodologiyalardagi yangiliklar, o‘zbek folklori va shevalarining ilmiy tahlili, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida tadqiq etish masalalarini keng qamrovda muhokama qildilar. Ayniqsa, universitetimiz tarkibidagi Folklorshunoslik va dialektologiya kafedrasining bu boradagi faoliyati e’tiborga loyiqdir. Kafedra dastlab 1 nafar fan doktori va 2 nafar fan nomzodi bilan faoliyat boshlagan bo‘lsa, bugungi kunga kelib uning tarkibi 3 nafar fan doktori, 6 nafar fan nomzodi va bir qator PhD darajasiga ega yosh tadqiqotchilar bilan kengaydi.

 

2024-yilda tashkil etilgan O‘zbek dialektologiyasi laboratoriyasi va O‘zbek shevashunosligi markazi hozirda ilmiy muhitning muhim infratuzilmalaridan biriga aylandi. Bu yerda 1000 ga yaqin dissertatsiya, monografiya, darslik va o‘quv qo‘llanmalari jamlangan bo‘lib, ular zamonaviy ilmiy izlanishlar uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Professor S.Ashirboyev tomonidan ilk bor turkiy xalqlar va MDH doirasida “Areal lingvistika” darsligining chop etilishi, dotsent A.Tilavov tomonidan Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan to‘rtta monografiya hamda Mustafo Totji Yunus Emro devonining tarjima qilinib nashr etilishi ushbu yo‘nalishdagi ilmiy an’analar va innovatsion yondashuvlar uyg‘unligini yaqqol namoyon etdi.

 

Mazkur anjuman zamonaviy filologiyaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy mulohazalarni yuzaga chiqarishi, xalqaro ilmiy integratsiyani kuchaytirishi, eng muhimi — o‘zbek tili, shevalari va folklorining chuqur manbaviy, nazariy va metodik jihatdan tahlil qilinishiga zamin yaratgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi. Konferensiya natijalari ilmiy-tadqiqot faoliyatini yanada samarali yo‘lga qo‘yish, metodologik yangiliklarni almashish va kelajak avlodlar uchun mustahkam ilmiy asoslar yaratish yo‘lidagi navbatdagi jiddiy bosqich bo‘lib xizmat qiladi.