
O‘zbek filologiyasi: muammo va yechimlar
2025-yil 18-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi tomonidan “O‘zbek filologiyasi: muammo va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi. Tadbir o‘zbek tilshunosligi va adabiyotshunosligining dolzarb muammolarini tahlil qilish, zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida yechimlar taklif etish hamda filologiya sohasi vakillari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.
Anjumanni universitet rektori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Shuhrat Sirojiddinov ochib berdi. Rektor o‘z nutqida o‘zbek filologiyasining bugungi kundagi rivojlanish holati, uning ilmiy-nazariy va amaliy yo‘nalishlarini yanada takomillashtirish zarurligi, shuningdek, yosh tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash muhimligini alohida ta’kidladi.
Anjumanda professor Nishonboy Husanov “O‘zbek nomshunosligi: muammolar va vazifalar”, professor Xurshida Hamraqulova “Bolalar adabiyotining o‘ziga xos xususiyatlari”, professor Klara Mavlonova “Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida o‘qish savodxonligini shakllantirish omillari” mavzularida ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini ta’lim jarayoniga integratsiya qilish (Nazokat Yusufjonova), badiiy asarlarda ramziy va majoziy obrazlarning shakllanish tarixi (Moxichehra Muxammadiyeva), lingvostatistika va fanlararo integratsiya (Oydinniso Nasirdinova), Beruniyning adabiy qarashlari (Gulasal Xayrullayeva) kabi dolzarb mavzular yuzasidan ham ilmiy chiqishlar bo‘ldi.
Tadbir yakunida sho‘balar yig‘ilishi o‘tkazilib, unda anjumanda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan fikr almashildi hamda istiqbolli ilmiy yo‘nalishlar belgilab olindi.