Yangiliklar

img
Tue, 07/05/2022 - 17:17

O‘zbek filologiyasi fakultetining navbatdagi nazariy-metodologik seminari

Joriy yilning 5-iyul kuni O‘zbek filologiyasi fakultetining Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kengashda fakultet hayotiga doir masalalar, yillik hisobotlar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Kengash yakunida fakultetning navbatdagi nazariy-metodologik seminari o‘tkazildi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti qadimiy va boy tarixga ega o'zbek tilining tarixiy shakllanish va zamonaviy rivojlanish jarayonlarini chuqur tadqiq etishni yoʻlga qoʻyish maqsadida xalqaro va mahalliy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi va bu yoʻlda hamkorlarini qoʻllab-quvvatlaydi.

Shu munosabat bilan, mazkur seminarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori, filologiya fanlari doktori D.Qulmamadov “XVII asr devon yodgorliklarining lingvotekstologik tadqiqi” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.

Fakultet professor-oʻqituvchilari, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi va professor tomonidan toʻliq asosli javoblar berildi. Shundan soʻng, universitetimiz dotsenti, filologiya fanlari nomzodi I.Adizova “XVI asr tazkiralarida poetika masalalari” mavzusida oʻz fikrlarini bayon etdi.

Qizgʻin bahs-munozara tarzida oʻtgan seminar yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi. Jarayon davomida universitetimiz dotsenti A.Tilavov “Oʻzbek–turk maqollari qiyosiga doir ba’zi qaydlar” mavzusida ma’ruza qildi.

Ilmiy faktlarga asoslangan qaydlar, ma’ruzalar barcha uchun qiziqarli va foydali boʻldi.