“O‘zbek baxshichilik san’ati” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi
2025-yil 17-dekabr kuni Masofaviy ta’lim kafedrasi tashabbusi bilan sirtqi bo‘lim 5-kurs talabalari uchun “O‘zbek baxshichilik san’ati” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirning asosiy maqsadi talabalarga milliy og‘zaki ijod namunalarini tanitish, baxshichilik san’atining tarixiy ildizlari va bugungi kundagi ahamiyatini yetkazish hamda yoshlar orasida milliy merosga qiziqishni oshirish edi.
Tadbir jarayonida mehmon “Shuhrat” medali sohibi, Denov baxshichilik maktabi rahbari Ravshan baxshi Mamatmuratov talabalar bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazdi. U o‘zbek baxshichilik maktablarining tarixi, hududiy farqlari va o‘ziga xos jihatlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, zamonaviy davrdagi baxshichilik rivoji, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda milliy merosni asrab-avaylashning muhim jihatlari bo‘yicha fikrlar bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbir davomida mehmon “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Malikai ayyor” kabi mashhur dostonlardan parchalarni va turli mavzulardagi termalarni yuksak mahorat bilan ijro etdi. Talabalar ushbu ijodiy chiqishlarni diqqat bilan tinglab, baxshichilik san’ati va uning zamonaviy talqinlariga oid bilimlarini mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldilar.

Mazkur uchrashuv talabalar uchun milliy qadriyatlarni chuqurroq anglash, o‘zbek baxshichilik san’atiga bo‘lgan qiziqishni oshirish va ijodiy faoliyatga rag‘batlantirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Tadbir yakunida talabalar mehmon bilan suhbati va jonli ijrolaridan unutilmas taassurot oldilar hamda ma’naviy boylikka ega bo‘ldilar.


