Yangiliklar

img
Sat, 05/24/2025 - 13:38

Ozarbayjon ilmiy dargohlari vata'lim muassasalari bilan hamkorlik

O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga to‘laqonli a’zo bo‘lishi turkiy olam miqyosida madaniy‐adabiy aloqalarni yangi sifat darajasiga ko‘tardi. Ushbu tarixiy qarorning amaliy natijalari O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi adabiy-ilmiy hamkorlik misolida yorqin namoyon bo‘lmoqda. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari doktori Gulbahor Ashurovaning Ozarbayjon Respublikasining Baku davlat universitetiga tashrifi ana shu hamkorlikning samarali davomidir. Investitsiya jalb etish va mobil almashinuvi dasturi doirasida tashkil etilgan ushbu safar chog‘ida olimamiz tomonidan BDU talabalari uchun “O‘zbek – Ozarbayjon adabiy aloqalari: Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy”, “O‘zbek – Ozarbayjon adabiy aloqalari: Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliy”, “Mustaqillik davri O‘zbek – Ozarbayjon adabiy aloqalari: Akademik Shuhrat Sirojiddinovning ‘Amir Alisher’ kitobining ozarbayjon tilidagi nashri”  kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar o‘qildi. Ushbu ma’ruzalar interaktiv tarzda, savol-javoblar, munozaralar asosida olib borilib, BDU professor-o‘qituvchilari bilan samarali tajriba almashildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga xorijiy talabalarni jalb etish maqsadida targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirildi.
21-may kuni Baku shahrida Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, shoira Xuraman Murodovaning “Vatan ishqi – Turon sevgisi” nomli kitobining taqdimot tadbirida Gulbahor Ashurova ishtirok etib, o‘z ma’ruzasi bilan qatnashdi. Tadbirda O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchisi Bahrom Ashrafxonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G’ayrat Majid, shuningdek, bir qator xorijiy davlatlar elchilari, diasporalar vakillari va Ozarbayjon yozuvchilari ishtirok etdilar. Nutqlarda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy hamkorlik kun sayin mustahkamlanib borayotgani, bu aloqalar ikki xalqning farovon kelajagi yo‘lida xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Tadbir doirasida taniqli olimlar, adiblar, professor-o‘qituvchilar ishtirokida kitobxonlik madaniyatini targ‘ib etuvchi fikr almashuvlar ham bo‘lib o‘tdi.

  

22-may kuni ToshDO‘TAU nomidan Nizomiy Ganjaviy nomidagi Ozarbayjon milliy adabiyot muzeyiga esdalik sovg‘alari va kitoblar topshirildi. Muzey direktori, akademik Rafael Huseynov ikki xalq o‘rtasidagi adabiy va madaniy aloqalarning tarixiy ildizlari, buyuk mutafakkirlar – Nizomiy Ganjaviy, Alisher Navoiy, Muhammad Fuzuliylarning ijodiy merosi orqali yanada boyib borayotganini alohida e’tirof etdi. Uchrashuvda O‘zbekiston universitetlari bilan xalqaro konferensiyalar va qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, shu kuni Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti huzuridagi “O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon” bo‘limiga ham tashrif buyurildi. Bo‘lim rahbari professor Almaz Ulvi hamda yetakchi olimlar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda Maqsud Shayxzodaning “Gazal mulkining sultoni” nomli asari asosiy muhokama mavzusiga aylandi. Mazkur asarni o‘zbek tilidan ozarbayjon tiliga Almaz Ulvi tarjima qilgan bo‘lib, ikki xalq adabiy merosining o‘zaro uyg‘unligini yaqqol namoyon etdi.

  

Bugungi kunda Ozarbayjon va O‘zbekiston xalqaro miqyosda muhim siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkorlik subyektlari sifatida e’tirof etilmoqda. Xususan, ularning adabiy va ilmiy aloqalari butun turkiy olam uchun o‘rnak bo‘la oladigan namunaviy tajribaga aylanmoqda. Toshkent shahridagi Nizomiy Ganjaviy haykali xalqimizning ushbu buyuk shoir dahosiga va ozarbayjon xalqining madaniy merosiga bo‘lgan yuksak hurmatini ifodalasa, Bakudagi Alisher Navoiy haykali ozarbayjon xalqining o‘zbek adabiyotiga nisbatan samimiy ehtiromining ramzidir. Nizomiy Ganjaviyning fors tilida bitilgan “Xamsa”sida aks etgan turkiy tafakkur ruhi, Alisher Navoiyning “Xamsa” orqali ushbu an’anani yuksak bosqichga ko‘targani, Muhammad Fuzuliyning she’riy merosi — bularning barchasi o‘zbek-ozarbayjon adabiy aloqalarining mustahkam poydevori sifatida tarixiy ahamiyat kasb etmoqda. Boku safarida amalga oshirilgan ma’ruzalar, muzey va institutlar bilan o‘rnatilgan ilmiy aloqalar, adabiy tadbirlar doirasidagi uchrashuvlar ikki xalqning ma’naviy birligini mustahkamlash, ilm va adabiyot sohasida hamkorlikni kengaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.