“Ozarbayjon hikoyalari” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
2025-yil 24-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi tashabbusi bilan “Ozarbayjon hikoyalari” nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi adabiy hamkorlik, madaniy aloqalar hamda tarjima sohasidagi yangiliklar muhokama qilindi.
Taqdimotning ochilish qismida ToshDO‘TAU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova, Ozarbayjon davlat pedagogika universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Mohira Nag‘iqizi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, shoir G‘ayrat Majid tabrik so‘zlari bilan ishtirok etdilar.
Tadbir davomida Ozarbayjon Yoshlar ittifoqi direktori Intiqom Yashar hamda “Kitob dunyosi” gazetasi bosh muharriri, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Xosiyat Rustamova o‘z chiqishlarida adabiy tarjimaning yoshlar ma’naviyatini shakllantirishdagi o‘rni haqida so‘z yuritdilar.

Shuningdek, ToshDO‘TAU “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi dotsenti, PhD, tarjimon Hafiza Qo‘chqorova kitob yaratilish jarayoni, hikoyalarning tanlanish mezonlari hamda o‘zbek o‘quvchisiga taqdim etilayotgan ozarbayjon adabiy merosining o‘ziga xos jihatlari haqida ma’lumot berdi.

Tadbir yakunida kafedra mudiri, PhD, dotsent Mahmadiyor Asadov yakuniy so‘z bilan chiqib, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda bunday adabiy loyihalarning ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Mazkur tadbir ToshDO‘TAUda xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish, tarjimonlik maktabini rivojlantirish hamda yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

