Yangiliklar

img
Thu, 05/23/2024 - 14:11

Ozarbayjon diasporasi vakillari universitetimizda

Ozarbayjon ilmiy muassasalari va ta’lim tashkilotlari, jamoat birlashmalari bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti yaqin hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan. Hamkorlik turli yoʻnalish va sohalarni qamrab olgan va kundan-kun kengayib bormoqda. Kuni kecha universitetimizda Ozarbayjon Respublikasi Diaspora ishlari boʻyicha davlat qoʻmitasining 5-hududiy boshqarmasi (turkiyzabon davlatlar va Gruziya) boshligʻi Vusal Mammadov va ushbu boʻlim boshligʻi oʻrinbosari, sektor mudiri Shafaq Binnetovalar mehmon boʻldi. Mehmonlar ToshDOʻTAU xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori Nozliya Normurodova bilan uchrashdilar. Suhbat davomida mehmonlar Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan oʻzarbayjonlar uchun yaratilgan sharoitlar, ozarbayjon milliy madaniyat markazlari faoliyati bilan tanishganliklarini qayd etdilar.  Xususan,  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida tashkil etilgan  Fuzuliy nomidagi ilmiy tadqiqot markazi faoliyatini ijobiy baholashdi.

 

Nozliya Normurodova mehmonlarga ToshDOʻTAU tarixi, missiyalari va kelgusidagi rejalari haqida soʻzladi. Universitet xorijliklarga oʻzbek tilini oʻrgatish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni olib borayotgani qayd etildi. Mehmonlar ham suhbat chogʻida ikki xalq madaniyatlarini yaqinlashtirishda til oʻrganish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, Ozarbayjonda oʻzbek tilini va Oʻzbekistonda ham ozarbayjonchani oʻrgatishni yoʻlga qoʻyish zarurligini qayd etishdi. Shundan soʻng tez orada Ozarbayjonda tashkil etiladigan Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va madaniyati markazi Ozarbayjonda oʻzbek tilini oʻrgatish vazifasini ham oʻz zimmasiga olishi aytib oʻtildi. Muzokaralar davomida har ikki tomon hamkorlikni yanada kengaytirish va xayrli ishlarni amalga oshirish boʻyicha oʻz takliflarini bildirishdi.