Yangiliklar

img
Fri, 10/06/2023 - 14:37

Otaturk universiteti bilan hamkorlik o'rnatildi

Universitetimiz dunyoning turli mamlakatlaridagi yirik ta'lim muassasalari bilan hamkorlik o'rnatgan va bu hamkorlik chegaralari tobora kengayib bormoqda. Bu borada, ayniqsa, qardosh Turkiya OTMlari bilan turli yo'nalishlarda o'rnatilgan manfaatli sherikligimiz alohida e'tirofga loyiqdir. 
Bugun Turkiyaning eng nufuzli va qadimiy bilim dargohlaridan biri Otaturk universiteti rektori, professor O‘mer Cho‘mekli boshchiligidagi delegatsiya universitetimizga tashrif buyurdi. 
Mehmonlarni universitet rektori professor Shuhrat Sirojiddinov boshchiligidagi vakillarimiz kutib oldilar.  O'zaro suhbat chog'ida har ikki universitet rektorlari o'z ta'lim muassasalari tarixi, tuzilishi va missiyalari haqida ma'lumot berdi. Shundan so'ng Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Otaturk universiteti o'rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Unga ko'ra ijtimoiy-gumanitar fanlar, xususan sotsiologiya, psixologiya va tarjimashunoslik sohalarida hamkorlik qilish, talabalarning akademik almashinuvini yo'lga qo'yish, tadqiqotchilarning stajirovkasini tashkil etish hamda hamkorlikda ilmiy loyihalar tayyorlash ko'zda tutilgan. Eng asosiy soha esa Turkologiya rivoji uchun birgalikda harakat qilish, Otaturk universiteti qoshidagi Yevroosiyo ipak yo‘li universitetlari amaliy  tadqiqot markazi tomonidan O'zbekistonda turli ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish, o'zbek tili va shevalarini keng o'rganish bo'yicha aniq takliflar o'rtaga tashlandi. 


Ma'lumot o'rnida shuni aytish mumkinki, Otaturk universiteti 1957-yil 7-iyunda Turkiyaning Erzurum shahrida rasman tashkil etilgan bo’lib, Turkiyaning eng qadimiy va nufuzli obro’ga ega univesitetlaridan biridir. Universitetning ta'lim falsafasi talabalarni kelajakka murakkablik, xilma-xillik va o'zgarishlarni yengish imkonini beradigan yondashuvlar bilan tayyorlash uchun zamonaviy usul va yondashuvdan foydalanishni o'z ichiga oladi.