O'shDUda O'zbek tili va madaniyati markazi ochiladi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining rektorining strategik rivojlanish bo'yicha maslahatchisi Nodirbek Jo‘raqo‘ziev O‘sh davlat universitetiga tashrif buyurdi.
Vakilimizni O‘sh davlat universitetining investisiya va strategik rivojlanish bo‘yicha prorektori Kubanich Toktorov, xalqaro aloqalar bo‘limi direktori Abdig'aniy Abduvaliyev, qirg‘iz filologiyasi va jurnalistika fakulteti dekani Nurmamat Turganboyev, sanoat-pedagogika kolleji rahbari Akibatxon Ismanovalar kutib oldi.
Uchrashuvda ikki oliy taʼlim muassasasi vakillari universitetlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, taʼlim, ilmiy izlanishlar, madaniy tadbirlar oʻtkazish, talaba va oʻqituvchilarning harakatchanligini oshirish, xalqaro reytinglarda bir-birini qoʻllab-quvvatlash, oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish boʻyicha fikr almashdilar. Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Kelishuvga ko‘ra, O‘sh davlat universiteti qoshida “O‘zbek tili va madaniyati” markazi, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyot universiteti huzurida “Qirg‘iz tili va madaniyati” markazlarini ochishga kelishib olindi.
Markazni ochish tashabbusi ikki davlat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi munosabati bilan boshlangan qoʻshma tadbirlar rejasiga muvofiq amalga oshirilmoqda.

