
Oq yoʻl sizga, bitiruvchilar
2025-yil 30-iyul kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, bitiruvchi talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdilar. Marosimni Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor Orzu Davranov ochib berdi. U oʻz nutqida bitiruvchilarni samimiy muborakbod etib, ularning oliy ta’lim muassasasida olgan bilim va ko‘nikmalari jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Shundan soʻng Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Nozliya Normurodova soʻzga chiqib, bitiruvchilarga kelgusi faoliyatlarida omad tiladi, ularning ilmiy salohiyati va ijodiy izlanishlari xalqimiz taraqqiyoti uchun muhim omil bo‘lishini alohida taʼkidladi. Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor Gulnoza Joʻrayeva ham bitiruvchilarga murojaat qilib, ular universitetda shakllangan bilim, tarbiya va maʼnaviy-maʼrifiy tajribani hayotda munosib davom ettirishlariga ishonch bildirdi.
Joriy yilda universitetni jami 1472 nafar talaba bitirdi. Ulardan 1366 nafari bakalavriat, 106 nafari magistratura bosqichini muvaffaqiyatli yakunladi. Ushbu ko‘rsatkichlar universitetning yetuk, raqobatbardosh va yuksak mas’uliyatga ega kadrlar tayyorlashdagi salohiyati yildan-yilga ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Marosim davomida ota-onalar ham universitet rahbariyatiga va professor-o‘qituvchilarga chuqur minnatdorlik bildirib, farzandlarining ta’lim jarayonida nafaqat kasbiy bilim, balki insoniy fazilatlar bilan tarbiyalanishiga e’tibor qaratilgani uchun o‘z tashakkurlarini izhor etdilar.
Tadbir yakunida bitiruvchilarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Marosim so‘nggida estrada sanʼatkorlari ishtirokida bayramona konsert dasturi namoyish etildi.