Ona tilimiz taraqqiyoti yoʻlida yangi hamkorlik
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Hayot” jamg‘armasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori N. Normurodova “Hayot” jamg‘armasi vakillari bilan o‘zbek tilini raqamlashtirish, zamonaviy elektron platforma yaratish va mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Suhbat davomida “Hayot” jamg‘armasi tomonidan ishlab chiqilayotgan til.uz elektron platformasi loyihasi taqdim etildi. Mazkur platforma foydalanuvchilarga o‘zbek tilidagi so‘zlarning ma’nosi, izohi hamda qo‘llanishiga oid ma’lumotlarni tezkor izlash imkonini berishi ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda platformaga raqamlashtirilgan lug‘atlarni joylashtirish va uning funksional imkoniyatlarini shakllantirish ishlari olib borilmoqda.
Loyihaning muhim yo‘nalishlaridan yana biri o‘zbek folklori va shevalariga oid materiallarni jamlash, tizimlashtirish va raqamli muhitga olib kirishdan iborat. Shu munosabat bilan universitetning tegishli mutaxassislari ekspertizasidan foydalanish, ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda loyiha mazmunini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muhokama jarayonida Dialektologiya va folklorshunoslik kafedrasi mutaxassislari ham ishtirok etib, loyiha doirasida amalga oshirilishi mumkin boʻlgan ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha ma’lumot berdilar.
Uchrashuvda tomonlar kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qildilar. Jumladan, 14-oktabr kuni til.uz platformasining rasmiy taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir doirasida hamkorlik memorandumini imzolash tashabbusi ilgari surildi.

Mazkur hamkorlik o‘zbek tiliga oid ilmiy va lingvistik resurslarni raqamlashtirish, ularni keng jamoatchilik uchun ochiq va qulay shaklda taqdim etish hamda folklor va shevalarga oid boy ilmiy merosni zamonaviy raqamli platformalarda saqlash va ommalashtirishga xizmat qiladi.

