“Ona tili taʼlimida oʻqitish va baholash muammolari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi
2022-yil 16-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Ona tili taʼlimida oʻqitish va baholash muammolari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi.
Respublika ilmiy-amaliy anjumanida 100 dan ziyod olimlar, ilmiy izlanuvchilar, tadqiqotchilar, magistr hamda bakalavr talabalari, maktab oʻqituvchilari ishtirok etdi.
Anjumanni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining Ilmiy va innovatsion ishlar boʻyicha prorektori Nodir Joʻraqoʻziyev ochib berdi. U oʻz nutqida soʻnggi yillarda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, belgilab olingan vazifalar hamda ularning ijrosi yuzasidan universitet miqyosida amalga oshirilayotgan maqsadli harakatlar, kelgusidagi rejalar xususida soʻz yuritib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi “2022–2026 yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilangan “Maktab oʻquvchilarining bilim va koʻnikmalarini shakllantirish, ularni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oʻqituvchi kasbi nufuzini va pedagoglarning sifat tarkibini oshirish, darsliklar va oʻquv metodik majmualarni zamon talablari asosida takomillashtirish, xalq taʼlimi muassasalarining xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy modellarini barpo etish” kabi masalalarning mazmun-mohiyatiga alohida toʻxtaldi. Universitet professor-oʻqituvchilarining ona tili, adabiyot va oʻzbek tili fanlaridan Milliy oʻquv dasturi loyihasi hamda zamonaviy darsliklar, oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalar, mashq daftarlarini tayyorlashdagi faol ishtiroki, samarali harakatlarini alohida eʼtirof etdi.

Anjuman ishini Ona tili va adabiyot taʼlimi fakulteti dekani, filologiya fanlari doktori, professor Margʻuba Abdullayeva davom ettirib, anjuman quyidagi yoʻnalishlarda ish olib borishini taʼkidladi:
- 1. Ona tili taʼlimi va zamonaviy lingvodidaktika masalalari.
- 2. Til taʼlimida baholash muammolari va yechimlari.
- 3. Adabiy taʼlim va zamonaviy yondashuvlar.
- 4. Ikkinchi til va chet tillarni oʻqitish metodikasi masalalari.
- 5. Amaliy tilshunoslik va adabiyotshunoslik masalalari.

Ilmiy-amaliy anjuman yakunida bugungi kunda yechimini kutayotgan quyidagi masalalar boʻyicha ham fikr almashildi:
- - oʻquvchilarning ogʻzaki va yozma nutqini oʻstirish muammolari;
- - taʼlimiy lugʻatlarni yaratish muammolari;
- - davlat tilini oʻqitish masalasidagi muammolar;
- - ona tili taʼlimida uzviylik va uzluksiz masalasi;
- - til malakasini baholash masalalari.
Navbatdagi anjumanlar mazkur muammolarning ilmiy-metodik yechimiga qaratilishi maqsad qilindi hamda anjuman yuzasidan bir qator dolzarb xulosalarga kelindi.


