Yangiliklar

img
Thu, 11/27/2025 - 18:26

Oliy ta'limni rivojlantirishning strategik istiqbollari

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor va HERE milliy eksperti Nozliya Normurodova 2025-yil 27–28-noyabr kunlari SARBON Universitetida o‘tkazilgan “Oliy ta’limni rivojlantirish istiqbollari” yillik konferensiyasida “O‘ZBEKISTON OLIY TA’LIMIDA SIFATNI TA’MINLASH TIZIMINING O‘ZGARISHI: TENDENSIYALAR, EHTIMOLIY XAVFLAR VA IMKONIYATLAR” (“Transformation of Quality Assurance in Higher Education in Uzbekistan: Trends, Risks, and Opportunities”) mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Anjuman Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Erasmus+ Milliy ofisi, HERE ekspertlari guruhi, SARBON Universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va “E-LINE PRESS” MCHJ hamkorligida tashkil etildi. N. Normurodova o‘z ma’ruzasida O‘zbekiston oliy ta’limida sifat kafolatini modernizatsiya qilish jarayonini, global tendensiyalar bilan uyg‘unlashuv yo‘nalishlarini, mavjud xavf-xatarlarning oldini olish mexanizmlarini va ta’lim tizimi uchun yuzaga kelayotgan yangi imkoniyatlarni ilmiy-amaliy tahlil asosida yoritdi. U sifat kafolati tizimining mazmuniy yangilanishi, ichki va tashqi baholash mexanizmlarining takomillashuvi, reytinglar bilan ishlash madaniyati va raqamli monitoringning ahamiyati haqida batafsil fikr bildirdi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining global standartlarga moslashuvi uchun zarur bo‘lgan institutsional islohotlar ham taqdimotda asoslab berildi.

 

Alisher Navoiy nomidagi ToshDOʻTAU misolida sifat kafolatini kuchaytirishga qaratilgan amaliy tajribalar konferensiya ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi. N. Normurodova universitetda ichki baholash tizimini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, akademik natijadorlikni baholash mezonlarini yangilash, xalqaro reytinglar bilan ishlashning metodik yondashuvlarini joriy etish, doktorantlar va yosh tadqiqotchilar uchun sifatga asoslangan ilmiy-metodik qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish kabi real natijalarni tahliliy misollar orqali taqdim etdi. ToshDOʻTAU tajribasi milliy sifat kafolati amaliyotining samarali modeli sifatida e’tirof etildi.

 

Nozliya Normurodovaning ta’kidlashicha, O‘zbekiston oliy ta’limi jadal o‘zgarayotgan xalqaro ta’lim makoniga moslashish jarayonida sifat kafolati tizimini institutsional darajada mustahkamlash, ilmiy faoliyat va ta’lim jarayonini uyg‘unlashtirish, reytingli indikatorlar bilan ishlashni tizimlashtirish hamda o‘zini o‘zi baholash madaniyatini kuchaytirish asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Uning ma’ruzasi OTM rahbarlari, HERE jamoalari, xalqaro nashriyotlar va ilmiy axborot platformalari vakillari tomonidan katta e’tibor bilan tinglandi.
Nozliya Normurodovaning ushbu ilmiy-amaliy chiqishi konferensiya yakunlari bo‘yicha 2026-yil uchun HERE tavsiyalarini ishlab chiqishda muhim metodik asos bo‘lib xizmat qilishi, shuningdek, ToshDO‘TAUning sifat kafolati va innovatsion boshqaruv bo‘yicha ilg‘or yondashuvlarini xalqaro maydonda namoyon etgani bilan alohida ahamiyatga ega.