
Oliy ta'limni isloh qilishdagi muhim qadamlar
O'zbekistonda oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish, uning sifat ko'rsatkichlarini yaxshilash maqsadida Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi tomonidan Oliy taʼlimni isloh qilish boʻyicha ekspertlar milliy jamoasi tuzilgan edi. Mazkur jamoa tarkibida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektori Nozliya Normurodova ham bo'lib, u O'zbekistonda oliy ta'lim muassasalarini har jihatdan takomillashtirish bo'yicha o'z takliflarini ilgari surmoqda. Kuni kecha Belgiya poytaxti Bryusselda bo'lib o'tgan Oliy taʼlimni isloh qilish boʻyicha ekspertlarning hisobot majlisida Nozliya Normurodova ham ishtirok etdi. U butun dunyodan yig'ilgan Oliy taʼlimni isloh qilish boʻyicha ekspertlari uchun qilgan ma'ruzasida O'zbekistonda oliy ta'limni rivojlantirish bo'yicha qonunchilikdagi o'zgarishlar, institutsional takliflar va davlat miqyosidagi strategik yangilanishlar haqida ma'lumot berdi. O'zbekistonda so'nggi 3 yil ichida oliy ta'lim sifati va ilmiy tadqiqot ishlari samaradorligini oshirishdan tashqari universitetlarning uchinchi missiyasini amalga oshirishdagi tashabbuslari haqida batafsil ma'lumot berdi. O'zbekistonda oliy ta'lim tizimini isloh qilish bo'yicha hukumat miqyosida amalga oshirilishi zarur bo'lgan qator vazifalar ham borki, ularga mos yechim topishda har bir OTMning o'z yo'l xaritasi bo'lishi shartdir. Bunda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xalqaro tashkilotlar ko'magida ijobiy o'zgarishlarning drayveriga aylanish muhim ahamiyatga ega. Bu borada Erasmus+ tashkilotining hissasini e'tirof etish zarur. Oliy ta'lim islohotlari mutaxassislari tarmog'iga markazlashgan qo'llab-quvvatlash (SPHERE) loyihasining internetdagi platformasida har bir mamlakat oliy ta'lim tizimiga bag'ishlangan ruknlar mavjud bo'lib, unda O'zbekiston sahifasi to'liq yangilandi. Xususan, hozirda O'zbekistonda muhandislik sohalariga doir tadqiqotlarni qo'llab-quvvatlash va mazkur yo'nalishda kadrlar tayyorlash ustuvorlik kasb etayotgani yaqqol ko'zga tashlandi. Oliy ta'lim tizimini kompleks rivojlantirishda innovatsion yondashuvlar har jihatdan muhimdir.
Joriy yilning sentabr oyida ToshDO'TAUda o'tkazilgan Erasmus+ Texnik Yordam missiyasi (TYM)ning "Oliy ta’lim muassasalari uchun strategiyalar: Xalqaro reytinglarda oliy ta’lim muassasalarining o‘rni" mavzusidagi seminari alohida ahamiyatga ega bo'ldi. 2 kunlik seminarda milliy TOMlardan 50 dan ortiq vakillar offlayn va 200 ga yaqin mutaxassislar onlayn ishtirok etdi. Unda ishtirok etgan xalqaro ekspert Prof. Dr. Ellen Hazelkornning tavsiyalari muhim ahamiyatga ega bo'ldi. Mazkur seminar ingliz tilida olib borildi. Shu oyning o'zida milliy OTMlar ishtirokida bo'lib o'tgan hisobot yig'ilishi ham bu boradagi ishlarni jadallashtirishga xizmat qilishi shubhasiz. Mazkur tadbirlarda bildirilgan ma’ruzalar umumlashtirilib, o'zbek tiliga tarjima qilindi hamda respublikaning barcha OTMlariga yuborildi.
Bu borada ayniqsa, Alisher Navoiy nomidagi ToshDO'TAU tajribasi diqqatga sazovordir. ToshDO'TAU BMT tomonidan ilgari surilgan Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda yaxshi natijalarni qayd etgan. Jumladan, THE reytingining Impact reytingdagi TOP-300+ o'rinni egallagan. gender tengligini ta'minlash bo'yicha dunyodagi eng yaxshi 10 universitetdan biri bo'ldi. Erishilgan natijalar tizimli harakat, strategik faoliyat samarasidir.
N.Normurodovaning ushbu ma'ruzasi xalqaro ekspertlar va oliy ta'lim mutaxassislari tomonidan alohida e'tirof etildi va jamoatchilik diqqatini tortdi.