
Oliy ta'lim muassasalarining nufuzini oshirish bo'yicha muhim seminar
Dunyo tajribasida universitetlar oldiga sifatli ta’lim berish va natijali tadqiqotlar olib borish kabi ikki asosiy maqsad qo‘yilgan. Ammo zamonaviy universitetlar bu bilan chegaralanib qolmay, uchinchi muhim maqsadni ham ilgari suradi. Bu maqsad universitetlar ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni hal etishda jamiyatni harakatlantiruvchi kuch, drayver bo‘lishi, jamiyatning texnologik va gumanitar rivojiga munosib hissa qo‘shishi, bozor talablarini o‘rgangan holda o‘zining innovatsion potensialidan kelib chiqib nafaqat mamlakatda, balki butun dunyoda muayyan muammolarga yechimlar taklif etishi, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish strategiyalarini ishlab chiqishi bilan ifodalanadi. Mamlakatimizda ham OTMlarning sifat jihatdan yuksalishi, jahon hamjamiyatida munosib e'tirof etilishi uchun tizimli ishlar olib borilmoqda. Oʻzbekiston universitetlarining nufuzli xalqaro reytinglarda quvonarli natijalarni qayd etayotgani ushbu ishlarning amaliy natijasi oʻlaroq e'tirof etilmoqda. Bu borada yurtimiz OTMlarining turli xalqaro tashkilotlar va vakolatxonalar bilan manfaatli hamkorligi gʻoyat muhimdir. Xususan, joriy yilning 19-20-sentabr kunlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekistondagi Erasmus+ Milliy ofis bilan hamkorlikda Yevropa Ittifoqi texnik yordam missiyasining maxsus seminari o‘tkazildi. Seminar "OTMlar uchun strategiyalar: QS va THE xalqaro reytinglarda ustunlik qilish" mavzusida bo‘lib, uning asosiy maqsadi O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarining sifat ko‘rsatkichlarini xalqaro standartlarga moslashtirishda amaliy ko‘mak berishdan iborat.
Seminarda O‘zbekistondagi Milliy Erasmus+ vakolatxonasi rahbari Aziza Abduraxmanova, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Xalqaro hamkorlik va reyting boshqarmasi boshlig‘i Diyor Umarov o‘z kirish nutqlari bilan ishtirok etdi.
Seminarning asosiy ma’ruzachisi va eksperti professor Ellen Hazelkorn mahalliy OTM vakillari va mutasaddilariga xalqaro universitetlar reytingiga ilova qilingan konsepsiya va uning ahamiyati, OTM ta’lim tizimidagi sifat mezonlari haqida ma’ruza qildi. Amaliy bosqichda esa professor mavjud reyting tizimlarini (THE, QS va ARWUga e’tibor qaratgan holda) va ularning mezonlari hamda metodologiyalarini o‘rgatdi. Ularning afzalliklari va kamchiliklarini tushuntirib berdi. Ikki kun davom etgan seminarda xalqaro toifadagi ekspert, BH Associates ta’lim bo‘yicha maslahatchisi, Dublin faxriy professori va oliy ta’lim sohasidagi siyosiy sharhlar qo‘shma muharriri, Yevropa Ittifoqining Smart Specialisation (HESS) bo‘yicha oliy ta’lim maslahat guruhi va Yevropa oliy ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi Strategik maslahat qo‘mitasi a’zosi Ellen Hezelkorn reytingdan O‘zbekiston OTMlarining sifati va ish faoliyatini yaxshilash uchun strategik vosita sifatida foydalanish bo‘yich tavsiyalar berdi. Seminarda, shuningdek, mahalliy OTMlar orasida xalqaro reytinglardan munosib o‘rin egallagan universitetlar vakillari o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi ToshDO'TAU xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektori N.Normurodova THE reytinglariga munosib o'rin egallash bo'yicha shaxsiy tajribalarini hamkasblari bilan bo'lishdi.
Aytish joizki, Yevropa Ittifoqi Texnik yordam missiyalarining (TAM) maqsadi oliy taʼlim islohoti boʻyicha ekspertlarga (HERE), ular mansub oliy taʼlim tizimiga yoʻnaltirilgan amaliy yordam va maslahatlar berishdir. TAMlar turli vositalar, jumladan milliy seminarlar, uchrashuvlar, konferensiyalarga hissa qo‘shish, fokus-guruhlar orqali amaliy yordam va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish vazifasini bajaradi.
Bu muhim tadbir Erasmus+ loyihasining oliy ta’lim sohasidagi islohotlar bo‘yicha ekspertlar (HERE) faoliyati doirasida tashkil etiladi.
Tadbir yakunida mutasaddilar shu kabi seminarlarni an'anaviy tarzda oʻtkazish va bu muhim jarayonni boshqarish vazifasini aynan ToshDOʻTAUga topshirish haqidagi taklifni e'lon qildilar. Bu taklif oliy ta'lim ekspertlari tomonidan ma'qullandi.