Olimning bemisl merosi
O'zbek tili ta'limi fakulteti Xorijiy tillar kafedrasi tashabbusi bilan mashhur filolog olim, professor Otaqo'zi Azizov xotirasiga bag'ishlangan navbatdagi xalqaro ilmiy- metodik seminar o'tkazildi. Bundan bir necha yil muqaddam universitetimizda O.Azizov nomidagi o'quv xonasi tashkil etilib, olimning 2500 dan ziyod kitob fondi ham taqdim etilgan edi. Bu xayrli tashabbus o'nlab tadqiqotlarning poydevori bo'lganligi alohida e’tirof etildi. Seminarni fakultet dekani Saodat Muhamedova ochib berdi. Tadbirda o'quv ishlari bo'yicha prorektor Sulton Normamatov, Xalqaro hamkorlik ishlari bo'yicha prorektor Nozliya Normurodova, professor Zulxumor Xolmonova va kafedra o'qituvchilari, talaba yoshlar ishtirok etdi. Xorijiy tillar kafedrasi mudiri Nargiza Rashidova so'zga chiqib, yetuk olimning ilmiy faoliyati, ustozlik fazilatlari haqida ma’lumot berdi. Otaqo'zi Azizov iste’dodli filolog, "Tilshunoslikka kirish" " O'zbek va rus tillarining qiyosiy grammatikasi" kitoblarining muallifi, qolaversa, rus tilini o'qitish metodikasi sohasida ham yirik olim edi. Seminarda olimning oila a’zolari, jumladan, o'g'li Azamat Otaqo'ziyevich ham ishtirok etdi.

Seminarda qatnashgan xorijlik mehmonlar, xususan, Tyumen davlat universiteti dotsentiSvetlana Drachyova olimning darsliklaridagi jadval ko'rinishidagi ma’lumotlarning ahamiyati haqida ma'ruza qildi. Kafedra katta o'qituvchisi Zulxumor Jumanova, Dilyara Zaripovalar o'z tadqiqotlarida Otaqo'zi Azizovning darsliklari muhim o'rin egallaganini ta’kidlashdi.




