Olima ajdodlarimiz
2023-yil 8- fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida "Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar Xalqaro kuni"ga bag'ishlab "Olima ayol - ilmli millat asoschisi" mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi. Davra suhbatida universitetimizning O'zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti (PhD) Dilafro'z Muhammadiyeva "Boburiy malikalarning ilmiy salohiyati" mavzusida chiqish qildi.
Boburiylar sulolasida ayollar alohida o‘rin tutgan, – deydi Dilafro‘z Muhammadiyeva. – Jumladan, Gulbadanbegim o‘zining “Humoyunnoma” asarida shunday yozadi: “Boburning sevimli xotini Mohimbegim saroy ayollari ichida eng dono va bilimdoni bo‘lib, ichki va tashqi siyosat bobida shohga o‘rinli maslahatlar berib turgan. Akbarshohning onasi Xadichabonu davlat ishlarini boshqarishda faol ishtirok etib, katta obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan”. Umuman, boburiy malikalar orasida Jahonarobegim, Arjumandbonu, Nurjahonbegim, Zebunnisodek oqila ayollar nafaqat davlat boshqaruvida faol ishtirok etgan, balki san’at, adabiyot, ilm-fan va madaniyat rivojiga ham munosib hissa qo‘shgan.


