Yangiliklar

img
Mon, 08/31/2026 - 17:03

Oksford universiteti talabalari uchun Yozgi maktab boshlandi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan hamkorlikda Oksford universiteti O‘zbekshunoslik dasturi talabalari uchun tashkil etilgan Yozgi maktabning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov, “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismoilova, Oksford universiteti professori, turkolog Nikolas Kontovas, ToshDOʻTAU prorektori Nozliya Normurodova, yozgi maktab tashkilotchilari hamda Oksford universiteti talabalari ishtirok etdi.

Mazkur Yozgi maktab O‘zbekiston va Oksford universiteti o‘rtasida o‘zbek tili va o‘zbekshunoslik yo‘nalishidagi akademik hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bermoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘zbek tilining nufuzini yuksaltirish, uning xalqaro maydonda o‘rganilishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, milliy ilmiy va madaniy merosimizni jahon akademik hamjamiyatiga olib chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shu e’tibor va tashabbuslarning muhim natijalaridan biri 2025-yil 14-oktabrda Oksford universitetida O‘zbekshunoslik dasturining rasman ochilganidir. Mazkur dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan. E’tiborlisi, Oksforddagi o‘quv jarayonida ToshDO‘TAU huzuridagi “O‘zbek maktabi” jamoasi tomonidan xorijliklar uchun A1 dan B1 darajagacha yaratilgan o‘zbek tili darsliklari hamda Uzacademy platformasidan foydalanilmoqda.

Oksfordda o‘zbek tili, tarixi, adabiyoti va madaniyatini akademik darajada o‘rganayotgan talabalar uchun O‘zbekistonda tashkil etilgan ushbu Yozgi maktab ana shu tashabbusning bir qismi bo‘lib, ularga o‘z bilimlarini tilning tabiiy muhitida mustahkamlash imkonini beradi.

Ochilish marosimida universitet rektori, akademik Sh.Sirojiddinov Oksford universitetida o‘zbek tili, adabiyoti, tarixi va madaniyatini o‘rganayotgan yoshlarni O‘zbekistonda kutib olish universitet uchun katta mamnuniyat ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, Oksfordda o‘zbek tili va o‘zbekshunoslik yo‘nalishining rivojlanishida doktor Nikolas Kontovasning xizmatlari alohida e’tirof etildi. Uning o‘zbek va Chig‘atoy tillarini Oksford akademik muhitida o‘qitish, talabalarda O‘zbekiston, uning tili va yozma merosiga ilmiy qiziqish uyg‘otish hamda Oksford va ToshDO‘TAU o‘rtasidagi akademik aloqalarni rivojlantirishdagi hissasi qayd etildi.

“Buyuk Ipak yo‘li va O‘zbekistonning madaniy merosini kashf etish” konsepsiyasi asosida tashkil etilgan Yozgi maktab 27-avgustdan 23-sentyabrgacha davom etadi. Dastur davomida ishtirokchilar zamonaviy o‘zbek tilini xalqimizning tarixi, madaniyati, tafakkuri va kundalik hayoti bilan uzviy bog‘liq holda o‘rganadilar.

Dasturdan Chig‘atoy tili, qo‘lyozma yozuvi asoslari, Sharq xattotligi, tasavvuf, jadidchilik harakati, Markaziy Osiyo tarixi va madaniy jarayonlariga bag‘ishlangan maxsus mashg‘ulotlar ham o‘rin olgan. Shuningdek, ishtirokchilar Samarqand va Buxoroga ma’rifiy safarlar davomida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi bilan bevosita tanishadilar.

Yozgi maktabning tashkil etilishi o‘zbek tilini xalqaro akademik muhitda rivojlantirish, milliy merosimizni dunyo ilmiy jamoatchiligiga keng tanitish hamda Oksford universiteti va ToshDO‘TAU o‘rtasidagi akademik hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yozgi maktab yangi bilimlar, ilmiy muloqotlar va unutilmas taassurotlarga boy bo‘lishiga ishonamiz!