OITS sindromi: xavf-xatar va uning oldini olish choralari
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Psixologiya va sotsiologiya” kafedrasi jamoasi tomonidan “OITS sindromi: xavf-xatar va uning oldini olish choralari” mavzusida ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 yanvardagi PQ–3493-sonli qarori bilan tasdiqlangan “2018 yilda O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturi”ning 16–19-bandlari ijrosini samarali ta’minlash, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, giyohvandlik va OITS kabi salbiy oqibatlarning oldini olish, yoshlar orasida tashviqot-targ‘ibot ishlarini kuchaytirish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbirda “Psixologiya va sotsiologiya” kafedrasi professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda Respublika Qon quyish markazi shifokorlari Mavlyuda Yusupova va sayyor guruh bo‘limi shifokori Muhabbat Jalolova ma’ruza bilan ishtirok etishdi. Shuningdek, universitet shifokori Nuriniso Shermatova hamda hamshira Fotima Davranova mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdilar.

Tadbir davomida shifokorlar OITS infeksiyasining xavf-xatarlari, uni yuqtirish yo‘llari va oldini olish choralari haqida atroflicha tushunchalar berishdi. Talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar qaytarildi.

Shuningdek, bugungi kunda mavsumiy ravishda ko‘payib borayotgan virusli kasalliklar, gripp va shamollash holatlarining oldini olish bo‘yicha foydali tibbiy maslahatlar ham berildi. Tadbir yoshlarning tibbiy savodxonligini oshirish va sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirishga xizmat qildi.

