Yangiliklar

img
Sat, 01/24/2026 - 14:52

Nurboy Jabborovning asari Turkiyada nashr etildi

Universitetimiz O‘zbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov qalamiga mansub Alisher Navoiy merosining badiiy-estetik tafakkuri, irfoniy qarashlari hamda tasavvufiy dunyoqarashini yoritishga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot Turkiya Respublikasida chop etildi. Ushbu nashr Navoiy ijodini chuqur falsafiy talqin asosida o‘rganishga yo‘naltirilgani bilan alohida e’tiborga sazovordir.

“Maoniy ahlining sohibqironi” nomi bilan o‘zbek tilida nashr qilingan mazkur kitob Turkiyaning Konya shahrida faoliyat yurituvchi Atlas Akademi nashriyoti tomonidan “Ali Şir Nevaî’nin İrfani Dünyası” sarlavhasi ostida turk tilida kitobxonlar e’tiboriga havola etildi. Asarda buyuk mutafakkir shoir ijodidagi ma’naviy kamolot, komil inson konsepsiyasi hamda irfoniy tafakkur masalalari manbalar asosida atroflicha tahlil qilingan.

Mazkur nashrning turk tilida chop etilishi tashabbusi taniqli adabiyotshunos olim, professor Kemal Yavuz Atamanga tegishli bo‘lib, u kitobning ilmiy mas’ul muharriri sifatida ham faoliyat yuritgan. Tarjima jarayoni va muqova dizayni Beyza O‘zer tomonidan amalga oshirilgan. Kitob turk o‘quvchilari uchun sodda, tushunarli va ilmiy izohlar bilan boyitilgan holda tayyorlangani bilan ahamiyatlidir.

Ushbu ilmiy tadqiqotning qardosh Turkiya zaminida nashr etilishi professor Nurboy Jabborovning Navoiyshunoslik sohasidagi izlanishlari xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, bu holat universitetimiz ilmiy maktabining nufuzi yuksalib borayotganini hamda xalqaro ilmiy hamkorlik aloqalari izchil rivojlanayotganini ko‘rsatadi.

Ustoz olimni mazkur muhim ilmiy yutuq bilan samimiy tabriklab, kelgusidagi ilmiy va ijodiy faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar, yangi izlanishlar va barakali natijalar tilaymiz.